“Rus xalqidan kechirim so‘rayman”. Eduard Sharlot hibsga olindi
Madaniyat-san’at
−
02 dekabr 2023
17018Rossiyalik xonanda Eduard Sharlot hibsga olindi va sudda rossiyaliklardan kechirim so‘radi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Bildirilishicha, qo‘shiqchi 22 noyabrga o‘tar kechasi Armanistondan kelganida Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida qo‘lga olingan. U uchta jinoiy ish bo‘yicha ayblanmoqda. Ulardan ikkitasi natsizmni targ‘ib qilish, uchinchisi esa vijdon va din erkinligi huquqini buzish moddasi bo‘yicha ochilgan. Ushbu ayblovlarga xonandaning Instagram sahifasida e’lon qilgan videolari sabab bo‘lgan.
Gap shundaki, iyun oyida xonanda Rossiya pasportini yoqib yuborgani aks etgan videoni Instagram sahifasida e’lon qilgan va ortiq o‘zini Rossiya fuqarosi deb hisoblamasligini aytgan. Shuningdek, videoda Ukraina rasmiylariga murojaat qilib, urushga qarshiligini va Kiyevga borishni istayotganini bildirgan. Noyabr oyining o‘rtalarida esa Sharlot obunachilaridan Rossiyaga qaytish chiptasi uchun pul so‘ragan.
Bundan tashqari, iyul oyida xonanda rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirillning fotosurati va o‘zining harbiy guvohnomasini xochga mixlab qo‘ygani aks etgan videoni ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan. Shundan so‘ng noyabr oyida Eduard Sharlot ustidan Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligiga shikoyat kelib tushgan. Unda Sharlotni dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilgani va davlat ramzlarini tahqirlagani uchun javobgarlikka tortish, shuningdek, Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish talab qilingan.
Ish Rossiyaning Samara shahri Kirov tuman sudida ko‘rib chiqildi. Qarorga ko‘ra, xonanda 2024 yil 24 yanvargacha hibsga olindi. Sharlot sud majlisida ma’muriy hibsdaligida yozgan she’rini o‘qib berdi va qo‘pollik qilgani uchun rossiyaliklardan kechirim so‘radi.
Ma’lumot uchun, Samarada tug‘ilgan Eduard Sharlot rossiyalik qo‘shiqchi va bloger bo‘lib, u o‘zining "Cheek to cheek" qo‘shig‘i (YouTube'dagi ko‘rishlar soni 14,5 millionta) va taniqli shaxslar, musiqachilar hamda blogerlar haqidagi videolari bilan mashhur.