Rus-qozoq chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklar qaytariladi – TIV

Jamiyat

image
Xorijda qolayotgan o‘zbekistonliklar diqqatiga: samolyot chiptalarining asl narxi bilan tanishing north_east

Xorijda qolayotgan o‘zbekistonliklar diqqatiga: samolyot chiptalarining asl narxi bilan tanishing

Avvalroq, Rossiya va Qozog‘iston chegarasida 600 dan oshiq O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytolmay qolib ketgani, ular uchun Samara viloyati ma’muriyati lager tashkil qilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat bo‘yicha munosabat bildirib, o‘zbekistonliklar ortga qaytarilishini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti toshirig‘i bilan Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklarni Vatanga olib kelish masalasi ishlab chiqildi.

“Mamlakatimizning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi Elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi Bosh konsulxonalari tomonidan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida bo‘lib turgan vatandoshlarimiz ro‘yxati tuzildi hamda tashkiliy va transport masalalari hal qilindi.

Vatanimizga mazkur ro‘yxatga kiritilgan jami 1100 nafar hamyurtimiz olib kelinadi. Xususan, 2020-yil 18-may va 19-may kunlari 550 nafardan vatandoshimizning avtobuslarda O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan. Ular yetib kelishlari bilan 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Vatandoshlarimizning Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali O‘zbekistonga olib kelish istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan avvaldan shakllantirilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilmoqda. Qo‘shimcha ro‘yxat tuzish ko‘zda tutilmagan.

Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Fuqarolarimizni Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga olib kelishning qayta boshlanishi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi TIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan xorijdagi o‘zbekistonliklarni qaytarish uchun 24 maygacha 12 ta charter reys amalga oshirish belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant o'zbekistonlik charter reys

Baholaganlar

124

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing