Ruminiyaning birinchi prezidenti vafot etdi
Olam
−
06 avgust 5830 2 daqiqa
Kecha, 5 avgust kuni Ruminiyaning birinchi prezidenti Ion Iliyesku shifoxonada deyarli ikki oy yotganidan so‘ng 95 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakat hukumati xabar berdi.
“Ruminiyaning sobiq prezidenti Ion Iliyeskuning vafoti haqida chuqur qayg‘u bilan xabar qilamiz. U 2025 yil 5 avgust kuni professor Agrippa Ionesku nomidagi tez tibbiy yordam klinikasida vafot etdi. Ruminiya hukumati marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiradi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Tibbiyot markazi ma’lumotiga ko‘ra, Iliyeskuning o‘limi mahalliy vaqt bilan 15:55 da yuz bergan. Shifoxona vakillari uning 57 kun davomida davolanganini, shu vaqt ichida shifokorlar barcha zarur yordam va parvarishni ko‘rsatganini qayd etgan.
Ruminiya Bosh vaziri Iliye Bolojan Iliyesku boshqaruvi davrida mamlakat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan qarorlar, jumladan, Snagov deklaratsiyasi va Konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganini esga olgan. Hukumat marhum prezident bilan vidolashuv marosimi tafsilotlari keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Iliyesku 1930 yil 3 mart kuni Ruminiyaning kichik Oltenitsa shaharchasida tug‘ilgan. Buxarest politexnika institutini va Moskva energetika institutini tamomlagach, 1950 yillarda siyosatga kirib kelgan va Ruminiya kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan. U ikki bor prezidentlik lavozimida ishlagan: 1990-1996 yillarda, sobiq prezident Nikola Chaushesku hokimiyatdan ag‘darilgach, 2000-2004 yillarda.
2017 yilda Iliyeskuga insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Bunda gap 1990 yil iyun oyida Buxarestda konchilarning norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirilishi haqida ketadi. O‘shanda to‘rt kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq odam jarohat olgan. Iliyesku va yana ikki nafar ayblanuvchi ish sudga yuborilishining qonuniyligiga e’tiroz bildirgan va BMT Xalqaro jinoiy sudi ularning apellyatsiyasini qanoatlantirgan.
Joriy yilning iyun oyi boshida Iliyesku jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi. O‘shanda sobiq prezidentda o‘pka saratoni aniqlangan. Shundan beri u shifokorlar nazoratida bo‘lgan.
Esaltib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng kambag‘al va kamtar prezident o‘laroq tanilgan Urugvayning sobiq prezidenti (2010-2015) Xose Muxika qizilo‘ngach saratoni tufayli 89 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi