Ruminiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Olam

image

Ruminiyada bugun, 1 dekabr kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

9 mingga yaqin saylov uchastkasi mahalliy vaqt bilan ertalab soat 6:00 da ochildi va 21:00 da yopiladi. Xorijda ovoz berish kecha, 30 noyabr kuni boshlandi va ikki kun davom etadi.

To‘rt yil muddatga parlament deputatlari saylovi partiya ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Bir partiyaning parlamentga kirishi uchun chegara 5 foizni tashkil etadi. Saylovda jami 31 ta siyosiy partiya ishtirok etmoqda. “Politico” nashrining ovoz berish arafasida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Sotsial-demokratik partiya, Ruminlar birligi uchun alyans, Ruminiyani qutqarish ittifoqi va Milliy liberal partiya favorit deb ko‘rsatilgan.

Hozirgi Ruminiya parlamentida sotsial-demokratlar nisbiy ko‘pchilikni tashkil etadi, bu esa bir partiyali vazirlar mahkamasini shakllantirish uchun yetarli emas. O‘ng markazchi Milliy liberal partiya bilan tuzilgan koalitsion hukumat hokimiyat tepasida.

O‘tgan hafta Ruminiyada prezidentlik saylovlari ham bo‘lib o‘tdi. Birinchi turda saylovchilarning 22,94 foizi Ruminiyaliklarni birlashtirish uchun millatchilar alyansi a’zosi bo‘lgan mustaqil nomzod Kalin Georgesku uchun ovoz berdi. Ikkinchi o‘rinda “Ruminiyani qutqarish ittifoqi” liberal partiyasidan Yelena Laskoni (19,17 foiz). Uchinchi o‘rinni 19,15 foiz ball bilan mamlakatning amaldagi Bosh vaziri, sotsial-demokrat Marchel Cholaku egalladi.

28 noyabr kuni Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Markaziy saylov komissiyasiga firibgarlik gumonlarini yo‘q qilish uchun prezidentlik saylovining birinchi bosqichi natijalarini qayta sanab chiqishni buyurdi. Shunday qilib, ovoz berishning birinchi bosqichi natijalarini rasman tasdiqlash keyinga qoldirildi. Konstitutsiyaviy sudning yangi majlisi ertaga, 2 dekabr kuniga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ruminiya parlament saylovlari Marchel Cholaku

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing