Ruminiya va Moldova nega birlashmoqchi?
Tahlil
−
30 iyun 3996 9 daqiqa
Odatda hukumatlar o‘z mustaqilligini saqlab qolish uchun har qanday nizoga borishga ham tayyor bo‘ladi. Bir davlatning bo‘linib ketishini tasavvur qilish mumkin, lekin ikki mustaqil davlatning o‘z xohishi bilan birlashishi bugungi siyosiy maydonda go‘yo imkonsizdek. Ammo bu dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini Ruminiya va Moldova rahbarlari isbotlamoqda. Har ikki mamlakat yetakchisi ochiqchasiga birlashish tarafdori ekanligini namoyon qilmoqda. Garchi hali aniq bir rasmiy yurish amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, Moldova rahbarining qo‘shilish masalasiga iliq pozitsiyasi xalqaro maydonda katta rezonans hosil qildi. Xo‘sh, nega ikki mamlakat birlashishni istab qoldi va buni qanchalik imkoni bor?
Ular rozi
Ruminiya va Moldova o‘rtasidagi ehtimoliy birlashuv masalasi yana ko‘tarildi. Ammo bu safar Kishinyov ham qarshi emasdek. Ruminiyaning Moldova bilan birlashishi haqidagi qonunchilik tashabbusi uni ko‘rib chiqish muddati tugaganligi sababli Ruminiya Deputatlar palatasi tomonidan ovoz berishsiz ma’qullandi.
Joriy yilning 14 aprel kuni o‘ta o‘ngchi “S.O.S. România” partiyasining deputatlari tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilgan ushbu qonunchilik tashabbusi belgilangan muddat ichida deputatlar tomonidan muhokama qilinmagani va yakuniy ovozga qo‘yilmagani sababli parlament tartib-taomillariga ko‘ra, avtomatik ravishda qabul qilindi. Endilikda qonun loyihasi Ruminiya Senatiga taqdim qilingan va yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Agar hujjat ma’qullansa, u Ruminiya hukumatiga ikki davlatning ehtimoliy birlashishi bo‘yicha Moldova bilan zudlik bilan muzokaralar boshlash vakolatini beradi. Ammo bu Ruminiyaga Moldovani qo‘shib olish huquqini bermaydi. Mamlakat Prezidenti Nikushor Dan Ruminiyaning Moldova bilan birlashish ssenariysi qo‘shni davlat aholisining aksariyati buni xohlagan taqdirdagina amalga oshishi mumkinligini ta’kidlagan.
Qonunchilik taklifining matniga ko‘ra, qonun qabul qilinib, rasmiy gazetada chop etilganidan so‘ng, tegishli xalqaro organlar, Moldova hukumati, AQSH, NATO, BMT va Yevropa Ittifoqi qonun-qoidalari bajarilganligi haqida xabardor qilinadi.
Moldova Prezidenti ham birlashishga qarshi emas ko‘rinadi. Mayya Sanduning yanvar oyida BBC’ga bergan intervyusida agar Respublikada Ruminiya bilan birlashish bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, u “ha” deb ovoz berishini aytgani bu galgi urinishlarda vaziyat boshqacharoq ekanidan dalolat bermoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Eujen Osmokesku esa agar Moldovaning Yevroopa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘li qiyinlashsa yoki to‘sib qo‘yilsa, mamlakat qo‘shni Ruminiya bilan birlashish imkoniyatini ko‘rib chiqishini bildirgan.
Nafaqat hukumat vakillari, balki mamlakatlar aholilari o‘rtasida ham so‘nggi yillarda birlashishni qo‘llab-quvvatlovchilar soni ortib bormoqda. Mart oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, moldovaliklarning qariyb 42 foizi Ruminiyaga qo‘shilishni ma’qullaydi, 11 foiz qismi esa neytral. Ruminiyaliklarning esa qariyb 72 foiz qismi Moldovani qo‘shib olishni yoqlaydi. Eng qiziq jihati, Moldovaning tahminan 3 million nafar aholisidan qariyb 2,4 million qismi Ruminiya fuqaroligiga ham ega va siyosiy jarayonlarda faol qatnashadi. Bu shuni anglatadiki, mamlakatlarning birlashuvi aholiga ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirmaydi. Xullas, hamma rozi va faqat aniq siyosiy qadamlarni tashlash kerak xolos.
Umumiylik
Ikki mamlakatning bayrog‘i o‘xshash, tili o‘xshash, madaniyati o‘xshash, atropologik ko‘rinishi o‘xshash, qisqa qilib aytganda tarixan bir ildizga ega.
Moldova va Ruminiya o‘rtasidagi ehtimoliy birlashuv g‘oyasi Yevropadagi eng eski “boshog‘riqlardan” biri. Kalavaning uchi ikki asrdan ham uzoqroq tarixga borib taqaladi. Bugungi Moldova aslida mustaqil davlat sifatida emas, balki tarix davomida bir necha imperiyalar o‘rtasida bo‘linib ketgan hudud sifatida shakllangan. O‘rta asrlarda hozirgi Ruminiyaning sharqiy qismi va bugungi Moldova hududi Moldaviya knyazligi tarkibiga kirgan yagona siyosiy birlik edi. XIV asrda tashkil topgan bu davlat o‘z davrida Sharqiy Yevropadagi muhim knyazliklardan biri bo‘lib, aholisi rumin tilining mahalliy lahjalarida so‘zlashar, dini esa pravoslav xristianligi edi. Asrlar davomida Moldaviya knyazligi Usmonli imperiyasiga qaram bo‘lsa-da, ichki boshqaruvini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
1812 yilda, Rossiya va Usmonli imperiyasi o‘rtasidagi urush yakunida imzolangan Buxarest shartnomasiga binoan Moldaviya knyazligining sharqiy qismida joylashgan – Bessarabiya hududi Rossiya imperiyasiga qo‘shib olindi. Aynan shu voqea bugungi Moldova va Ruminiya o‘rtasidagi siyosiy ajralishning boshlanishi hisoblanadi. Dastlab, Rossiya yangi hududlarda ruslashtirish siyosatini yuritdi, mahalliy boshqaruv tizimini o‘zgartirdi va Bessarabiya asta-sekin Ruminiyaning qolgan qismidan uzoqlasha boshladi.
Bu orada Moldaviyaning g‘arbiy qismi boshqa tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. 1859 yilda Moldaviya va Valaxiya knyazliklari yagona hukmdor – Aleksandru Ioan Kuza qo‘l ostida birlashdi. Tarixda “Kichik birlashuv” nomi bilan qolgan ushbu voqea zamonaviy Ruminiya davlatining poydevorini yaratdi. Keyinchalik Transilvaniya va boshqa hududlarning qo‘shilishi bilan Ruminiya milliy davlati shakllandi. Biroq Bessarabiya hali ham Rossiya imperiyasi tarkibida qolayotgan edi.

Birinchi jahon urushi va Rossiya imperiyasining parchalanishi mavjud xaritani yana bir bor o‘zgartirdi. 1918 yilda Bessarabiya parlamenti Ruminiya bilan birlashish to‘g‘risida qaror qabul qildi va hudud yana Ruminiya tarkibiga qaytdi. Ammo bu gal ham birlik uzoq davom etmadi. 1940 yilda sobiq Sovet Ittifoqi Germaniya bilan tuzilgan “Molotov–Ribbentrop pakti”ga tayangan holda Bessarabiyani o‘ziga qo‘shib oldi. Keyinchalik bu hududda Moldaviya Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etildi. Aynan sovet davrida “moldavan” va “rumin” tushunchalarini alohida millat sifatida ko‘rsatishga qaratilgan mafkuraviy siyosat yuritildi. Til kirill alifbosiga o‘tkazildi, umumiy tarix esa buzib talqin qilindi.
1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalangach, Moldova mustaqillikka erishdi. Dastlab mamlakat Ruminiyaga yaqinlashish yo‘lini tanlagandek ko‘rindi. Davlat bayrog‘i deyarli Ruminiyanikiga o‘xshash, milliy madhiya ham bir muddat Ruminiya madhiyasi bilan bir xil edi. Bu davrda ikki davlatning qayta birlashish ehtimoli jiddiy muhokama qilina boshlandi. Ammo ichki siyosiy qarama-qarshiliklar, Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi (Transnistriya) mojarosi va Rossiyaning mintaqadagi ta’siri tufayli bu jarayon to‘xtab qoldi.
Moldova g‘arb bilan yaqinlashish siyosatini yurita boshlagach, Ukrainadagi ssenariy bu yerda ham takrorolandi. Mamalakatning sharqiy qismidagi hududlar, asosan Dnestr daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan shahar va qishloqlar amaldagi siyosatga norozilik bildirib, Rossiya bilan yaqinlashuv yo‘lini tanladi. Shuning uchun o‘zlarini mustaqil deb e’lon qildi va butunlay ayricha siyosat yurita boshladi. Bu esa Kishinyovda xavotir uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.
Shunga qaramay, umumiy tarixni inkor etish qiyin. So‘nggi yillarda Moldova parlamentining davlat tilini rasman “rumin tili” deb belgilashi, Ruminiya fuqaroligini olgan moldovaliklar sonining keskin oshishi va Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayonlari qo‘shilish harakatini yana jonlantirdi.
Sabablar va to‘siqlar
Ruminiya va Moldova o‘rtasidagi tarixiy yoki madaniy o‘xshashlik qanchalik yaqin bo‘lmasin, birlashish g‘oyasi atrofida boshqa jiddiy geosiyosiy va iqtisodiy sabablar bor. So‘nggi yillarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Moldovaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi va mintaqadagi xavfsizlik muammolari bu mavzuni yana siyosiy kun tartibining markaziga olib chiqdi.
Avvalo, energetika xavfsizligi masalasi Moldovani o‘z suverinitetidan voz kechishga undashi mumkin. Bir necha yil davomida Rossiya tabiiy gazni siyosiy bosim vositasiga aylantirib, Moldovaning Yevropaga integratsiyasini sekinlashtirishga urinib keldi. Ammo bu strategiya kutilgan natijani bermadi, aksincha, Kishinyov energetik jihatdan Buxarestga tobora yaqinlasha boshladi. Elektr energiyasi va gaz infratuzilmasini bog‘lovchi loyihalar, yangi uzatish tarmoqlari hamda Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari Moldovaning Rossiyaga qaramligini sezilarli kamaytirdi. Shu tariqa iqtisodiy zarurat sifatida boshlangan hamkorlik siyosiy integratsiya haqidagi bahslarni ham jonlantirdi.
Boshqa bir jiddiyroq omil – xavfsizlik masalasi. Ukraina urushi fonida Moldova o‘zining eng zaif nuqtasi bo‘lgan Dnestrbo‘yi (Transnistriya) muammosiga boshqacha nigoh bilan qaray boshladi. Rossiyaning mintaqadagi harbiy mavjudligi, Moskvaning separatistik hudud aholisini qo‘llashi va ularga fuqarolik berishi Moldovani Ukraina ssenariysidan ogohlantirmoqda. Agar Rossiya Ukraina bilan urushda g‘alaba qilsa, keyingi nishon Moldova Respublikasi bo‘lishi mumkin. Balki shu sabab ham mamlkat parlamenti 2026 yil aprel oyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bilan aloqalarini bosqichma-bosqich uzishni ko‘zda tutuvchi qonun hujjatini imzoladi.

Ammo ikki davlatni birlashuvi bu oddiy hol emas, bu yerda ham bir qator muammolar mavjud. Eng asosiy to‘siq – Moldova jamiyatining o‘zi. “ATES Research Group”ning 2026 yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rovlariga tayanadigan bo‘lsak, Moldova aholisining tahminan 44 foiz Ruminiyaga qo‘shilishga rozi. Ammo boshqa manbalarda bu ko‘rsatkich bundanda pastroq. Agar referendum o‘tkazilgan taqdirda ovoz beruvchilarning 44 foizi “ha” deb ovoz bergan taqdirda ham, qolgan 56 foizi qatnashchining qarori hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu degani, hali Moldova aholisining o‘zi ham qo‘shilish g‘oyasini to‘liq yoqlamaydi.
Bundan tashqari, Kishinyovdagi hukumatning o‘zi ham bugun birlashishni birinchi raqamli siyosiy maqsad sifatida bilmaydi. Mayya Sandu ma’muriyati uchun asosiy vazifa – Moldovani mustaqil davlat sifatida Yevropa Ittifoqiga olib kirish. Agar bunda to‘siq yuzaga kelsa yoki tashqi ta’sirlar vujudga kelsagina, bu masala jiddiy ohangda ko‘rib chiqilishi mumkin. Ruminiya Prezidenti Nicusor Dan ham hozircha bunday tarixiy qaror uchun yetarli siyosiy va ijtimoiy tayyorgarlik yo‘qligini ochiq aytgan va Moldovaning Yevropa yo‘lini qo‘llab-quvvatlashni birlashuvdan ustun qo‘yishini bildirgan.
Chindan ham ikki davlat iqtisodining birlashuvi qaysidir ma’noda foydali bo‘lishi mumkin. Ammo, bu birlashuv silliq kechmasligi aniq. Ruminiya iqtisodiyoti Moldova iqtisodiyotidan bir necha baravar yirik. Jon boshiga yalpi ichki mahsulotdagi sezilarli farq ehtimoliy birlashuvning asosiy moliyaviy yukini Ruminiya zimmasiga yuklaydi, ya’ni aholining ko‘payishi jon boshiga daromadni ham sezilarli pasayishiga olib keladi, bunda asosan ruminlar zarar ko‘radi.
Eng asosiy muammolar ham yana geosiyosatga borib taqaladi. Moldovadagi rusiyzabon aholi, Gagauziya avtonomiyasi, Dnestrbo‘yi muammosi va Ruminiyadagi g‘arbparast tizimga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Buxarest ham mamlakatda etnik muammolar kelib chiqishini xohlamasligi aniq. Ayrim tahlilchilar, hatto bu mavzu Moskva uchun jamiyatni bo‘lish va proyevropachi hukumatlarni zaiflashtirish vositasiga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Ruminiya uchun Rossiya bilan o‘rtada Moldova kabi buffer zona bo‘lgani ma’qul. Har holda, bugun Moskva urush tufayligina tirik. Butun iqtisodiyot va siyosat mana shu Ukrainadagi urush atrofida qurilgan. Agar Ukraina taslim bo‘lsa, buncha katta resurs navbatdagi bosqinga yo‘naltirilishi mumkin. Bugungi Kiyevning ahvolidan ma’lumki, na AQSHning, na Yevropaning qo‘llovi Rossiyani butunlay taslim qiladi. Shu sababli Ruminiya uchun Moldova dastlabki “himoya devori” vazifasini ham o‘tashi muhim.
Xulosa qilib aytganda, bugun ikki davlatni birlashish ehtimoli nihoyatda past. Hatto Ruminiya uchun ham Moldovani qo‘shib olish, bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Kishinyov ham Yevropa tomon o‘z yo‘lida davom etadi, faqatgina geosiyosiy qarshiliklargina uni o‘z mustaqilligidan voz kechishga undashi mumkin.
Live
Barchasi