YeI ortidan Kanada ham Ukrainaga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi

Olam

image

Kanada Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratiladigan 90 milliard yevrolik kredit dasturiga qo‘shilmoqchi. Tomonlar Kanada hissasi miqdorini joriy yilning oktyabr oyi oxirida Monrealda bo‘lib o‘tadigan YeI – Kanada sammitigacha kelishib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kanada ushbu kredit dasturiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Kanada Bosh vaziri Mark Karni mamlakatning dasturdagi ishtiroki orqali Yevropa bilan transatlantik aloqalarni mustahkamlashga sodiqligini namoyish etmoqchi. U Kanadaning AQSHga qaramligini kamaytirish va Yevropa bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan va mazkur kredit dasturiga qo‘shilgan yagona davlat Buyuk Britaniya bo‘lib qolmoqda.

Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratadigan 90 milliard yevrolik krediti 2026–2027 yillarda mamlakatning byudjet va mudofaa ehtiyojlarini qoplashga mo‘ljallangan. Mablag‘ning 30 milliard yevrosi makroiqtisodiy va byudjet yordami uchun, 60 milliard yevrosi esa mudofaa sanoati va harbiy texnika xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Kiyev ushbu kredit bo‘yicha dastlabki mablag‘larni ham ola boshlagan. Moliyaviy yordam Ukrainadagi islohotlar va huquq ustuvorligini ta’minlash, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha shartlar bilan bog‘langan.

Ma’lumot uchun, Kanada Ukrainaga 6,5 milliard Kanada dollari miqdorida harbiy yordam ajratganini bildirgan. Kanada hukumati esa joriy yilning 10 sentyabr kuni Mark Karni va Vladimir Zelenskiy uchrashuvida urush boshlanganidan beri Kanadaning Ukrainaga harbiy yordami 8,5 milliard Kanada dollaridan oshganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Ottava Ukrainani tiklash va qayta qurish uchun 750 milliondan ortiq mablag‘ ajratgan.

Bundan tashqari, Kanada AQSH bilan savdo urushi fonida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Ottava YeI superkompyuterlar tarmog‘iga qo‘shilish, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish va Bryussel bilan raqamli savdo to‘g‘risida bitim imzolashni ham rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Ukrainaga Rossiya raketa hujumlaridan himoyalanishi uchun 350 million Kanada dollari miqdorida havo mudofaasi raketalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing