Ro‘yobi yozga qolgan azaliy orzu
Tahlil
−
30 mart
4465O‘zbek futboli uchun og‘ir va hayajonli hafta yakunlanib bormoqda. Ortda qolayotgan yetti kunlikda O‘zbekiston terma jamoasi har qachongidan-da ko‘proq Jahon chempionatiga yaqin keldi, biroq barchasi iyun oyiga qoldi. Qaynoq yozda, qaynoq o‘yinlarda 37 milliondan ortiq xalqning azaliy orzusi ushalishi mumkin.
Assalomu alaykum. O‘zbekiston terma jamoasining JCH saralashidagi oxirgi o‘yinlari atrofidagi voqeliklar bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekiston safarda Eron bilan durang o‘ynadi
25 mart kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati-2026 Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi 8-turi doirasida O‘zbekiston-Eron o‘yinida jangovar 2:2 hisobi qayd etildi.
Uchrashuvning 16-daqiqasida Hojimat Erkinov hisobni ochdi. Ikkinchi taym boshida, ya’ni 52-daqiqada Taremi hisobni tenglashtirdi. 53-daqiqada Abbos Fayzullayev jarima to‘pidan gol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. 83-daqiqada Taremi yana bir bor O‘zbekiston darvozasini ishg‘ol qildi va hisob 2:2 ko‘rinishini oldi. O‘yin davomida O‘zbekiston darvozaboni O‘tkir Yusupov bir qancha seyvlar namoyish etdi. O‘yin yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi va bahs jangovar durang bilan tugadi.
8-turdan keyin Eron muddatidan avval mundial yo‘llanmasini naqd qildi, O‘zbekiston esa ochkolari sonini 17 taga yetkazib, 2-o‘ringa joylashdi va hamon JCHga chiqish uchun yaxshi imkoniyatni saqlab qoldi.
O‘zbekistonning asosiy ta’qibchisi g‘alaba qozondi
26 martga o‘tar kechasi Jahon chempionati Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi 8-turida Shimoliy Koreya BAAga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘yinda dastlab BAA birinchi taymda hisobni ochdi. Ikkinchi taymda KXDR futbolchilari hisobni tenglashtirdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan vaqtda, ya’ni 90+8 daqiqada amirliklar g‘alaba golini kiritdi.
Shu tariqa, BAA ochkolarini 13 taga yetkazib oldi va O‘zbekiston bilan oradagi farq 4 taga qisqartirdi. Shimoliy Koreyada ochkolar 2 tani tashkil etmoqda va koreyslar mundial bilan rasman xayrlashdi.
Qirg‘iziston guruhdagi O‘zbekistonning ta’qibchisini mag‘lub etdi
25 mart kuni Jahon chempionati Osiyo 3-saralash bosqichi 8-turida Qirg‘iziston o‘z uyida Qatarni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Bishkekda o‘tgan o‘yinda Kichin, Tishenko va Shukurov qatarliklar davrozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Qatardan Suhayil gol urdi. Yakuniy hisob 3:1 va Qirg‘iziston guruhda O‘zbekistonning ta’qibchisini mag‘lub etdi.
Durang adolatli hisob bo‘ldi – Kapadze
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Temur Kapadze Eronga qarshi o‘yindagi durang hisobi adolatli bo‘ldi, deb hisoblaydi. Bu haqda u o‘yindan keyingi matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Birinchi navbatda Eronni yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan tabriklayman va omad tilayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, qiziqarli o‘yin bo‘ldi, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin namoyish etdi. Bizda ham, raqibda ham qulay imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Albatta, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Ammo o‘yin nuqtai nazaridan oladigan bo‘lsak, durang adolatli hisob bo‘ldi. Biz endi keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Yigitlarga, muxlislarga katta rahmat”, deydi Kapadze.
O‘zbekistonning JCHga chiqish imkoniyati qanday baholanmoqda?
O‘zbekiston terma jamoasining saralashning 3-bosqichidayoq 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati 96 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda “We Global” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Kapadze shogirdlarining 1-o‘rin bilan mundialga chiqish imkoniyati 3,1, 2-o‘rin bilan JCHga yo‘l olish foizi esa 92,9 ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. O‘zbekiston bilan durang o‘ynagan Eron esa muddatidan avval to‘rt yillikning eng yirik futbol musobaqasiga chiptani naqd qildi.
O‘zbekistonning guruhdagi eng yaqin ta’qibchisi Birlashgan Arab Amirliklarining 3-bosqichda JCHga chiqish imkoniyati atigi 4 foizga baholanmoqda.
Amirliklar katta ehtimol bilan “A” guruhida 3-o‘rinni egallashi va saralashning 4-bosqichida yurishini davom ettirishi taxmin qilinmoqda.
“Galatasaroy” Abbos Fayzullayevni “nishonga oldi”
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi yarim himoyachisi Abbos Fayzullayevga Turkiyaning nomdor klublaridan biri “Galatasaroy” qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Markaj News” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Galatasaroy” Fayzullayev transferi bo‘yicha jiddiy qiziqish bilan chiqqan. Turk klubi hozirda o‘zbekistonlik futbolchining atrofidagi vaziyatni kuzatib turibdi.
Qayd etish kerak, 21 yoshli futbolchi ushbu mavsumda SSKAning muhim futbolchilaridan biri bo‘libgina qolmay, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham asosiy o‘yinchilardan biriga aylangan.
Ma’lumot o‘rnida, Fayzullayev Moskva klubi safiga 2023 yilda kelib qo‘shilgan va jamoa bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Futbolchining narxi “Transfermarkt” portalida 8 million yevroga baholangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar



