“Real” yulduzlarini qiynagan Husanov

Tahlil

O‘zbekistonni qashshoq mamlakat degan taniqli futbolchi, “Real”ga qarshi 90 daqiqa o‘ynagan Abduqodir Husanov va o‘zbek sportida saylovlarga boy bo‘lgan hafta sportiga oid muhim mavzular bilan QALAMPIR.UZ da yana sport dayjesti. 

DXX raisi O‘FAga rahbar bo‘ldi

Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi. 22 fevral kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida navbatdan tashqari saylov kongressi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu kongressda tashkilotga yangi prezident saylash masalasi ko‘rib chiqildi va bir ovozdan DXX raisi Bahodir Qurbonov O‘FA prezidenti etib saylandi. Ushbu saylovda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi. 

Ma’lumot o‘rnida, bunga qadar mazkur lavozimda  O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik Xizmati sobiq rahbari Abdusalom Azizov ishlab kelayotgan edi. So‘nggi oyda esa O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bu vazifani bajarayotgandi.

Iroda To‘laganova tennis federatsiyasi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi

20 fevral kuni O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari saylov konferensiya yakunlariga ko‘ra, yangi kadrlar qarori qabul qilindi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.

5 nafar sport mutaxassisi O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi o‘rinbosarligiga saylandi. Jumladan, o‘zbek tennisi afsonasi Iroda To‘laganova, shuningdek, Zelemxon Haydarov, No‘mon Sattorov, Aziz Hamidov va Sardor Komilov rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boradi.

Husanov qashshoq mamlakatdan kelgani uchun hammani yanchib tashlashni istaydi – Peti

Fransiya terma jamoasi va “Chelsi” klubi sobiq futbolchisi Emmanyuel Peti o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni qashshoq mamlakatdan kelgani sabab, kuchli o‘yin namoyish etishini aytdi. Bu haqda “Manchester evening news” xabar berdi.

“Abduqodir juda tez va kurashuvchan futbolchi. U hujumchilar uchun qo‘rqinchli tush. Uning kuchli tomonlari kurashuvchanligi va tezligi sanaladi. Bu yigit qashshoq mamlakatdan katta qiyinchilik bilan kelgani tufayli hammani yanchib tashlashni istaydi”, deydi Peti.

Husanov “Real”ga qarshi o‘ynagan eng yosh ikkinchi futbolchiga aylandi

O‘zbekiston terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov “Real”ga qarshi debyut qilgan ikkinchi eng yosh futbolchiga aylandi. Bu haqda “Opta” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov Yevropa Chempionlar ligasi doirasida Madridning “Real” klubiga qarshi debyut qilgan ikkinchi eng yosh futbolchi bo‘ldi. Husanov 20 yosh-u 356 kunligida bu natijani qayd etdi. Bundan avvalgi rekord 2014 yilda qayd etilgan va o‘shanda “Shalke” futbolchisi Kaan Ayxan 19 yosh-u 128 kunligida “Real Madrid”ga qarshi maydonga tushgan.

Ma’lumot o‘rnida, 20 fevralga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi javob o‘yinida “Real Madri” o‘z uyida “Manchester Siti”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Dastlabki bahsda madridliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Umumiy hisob 6:3 va “qirollik klubi” keyingi bosqichga yo‘l oldi.

YeCHL nimchorak finalida “Real Madrid” va “Barselona” o‘z raqibini bilib oldi

21 fevral kuni Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak final bosqichiga qur’a tashlandi. 

Qur’a natijasiga ko‘ra, “Real Madrid” - “Atletiko” bilan, “Bavariya” - “Bayer” bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.

Quyida umumiy qur’a natijalari:

  • “Bryugge” – “Aston Villa”;
  • “Borussiya Dortmund” – “Lill”;
  • “Real” - “Atletiko”;
  • “Bavariya” - “Bayer”;
  • PSV - “Arsenal”;
  • “Feyenord” – “Inter”;
  • PSJ - “Liverpul”;
  • “Barselona” - “Benfika”.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu bosqichning dastlabki o‘yinlari 4-5 mart kunlari, javob o‘yinlari esa 11-12 mart kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing