Rekordchi Ruslan. La ligaga yo‘l olgan o‘zbek

Tahlil

Yil yakunlanib borarkan o‘zbekistonlik professional bokschi Murodjon Ahmadaliyev va yaponiyalik P4P yetakchisi Naoya Inoue o‘rtasidagi hikoya o‘z kulminatsiyasiga yaqinlashdi. O‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovni endi Ispaniya va Angliyaning grand jamoalari o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Oltin to‘pdan mahrum bo‘lgan Vinitsius esa jamoasi bilan mavsumni Jahon chempioni sifatida yakunlaydigan bo‘ldi.

Assalomu alaykum. Shu va boshqa hafta davomida trendda turgan sport voqeliklari haqda bugungi dayjestimizda batafsil so‘z yuritamiz. Biz boshladik.

Ruslan Nuriddinov rekord o‘rnatib, jahon chempioni bo‘ldi 

Bahraynda bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi Ruslan Nuridinov jahon rekordini o‘rnatib, chempion bo‘ldi.

Chempionatda -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik atlet dast ko‘tarish mashqida 182 kg bilan beshinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa ham, siltab ko‘tarish dasturida 242 kg bilan 3 yil avval Toshkentda o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangiladi. Shu tariqa uning umumiy hisobda qayd etgan 424 kg natijasini boshqa sportchi yangilay olmadi va Nuriddinov uchinchi bor ikki kurash bo‘yicha jahon chempionligiga erishdi.

Dast ko‘tarish yo‘nalishida oltin medalga ega chiqqan Sharofiddin Amriddinov siltab ko‘tarishda 212 kg bilan oltinchi, umumiy hisobda esa 396 kg bilan beshinchi bo‘ldi. Shundan bo‘lsa ham, barcha yo‘nalishlardagi oltin medallar O‘zbekiston terma jamoasi vakillariga nasib etdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu dunyo birinchiligini 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan yakunladi.

Ahmadaliyev vaqtinchalik WBA kamariga ega chiqdi 

15 dekabrga o‘tar kechasi Monakoda professional boks kechasi o‘tkazildi va turnir doirasida o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev ham ringga ko‘tarilib, raqibini nokautga uchratdi.

WBA Interim kamari uchun kechgan to‘qnashuvda 30 yoshli Ahmadaliyev meksikalik Rikardo Espinosa Frankoni ayab o‘tirmadi. O‘n ikki raundlik jangning uchinchi raundidayoq o‘zbekistonlik bokschi raqibini nokautga uchratdi.

Shunday qilib, Ahmadaliyev profringdagi 13-g‘alabasini rasmiylashtirdi. Endi u vaznning mutlaq chempioni yaponiyalik Naoya Inoue bilan jang qilishi kerak. Tomonlar 2025 yilda o‘zaro jang qilish borasida kelishib olishi va WBA buyrug‘iga binoan majburiy jang o‘tkazishi lozim.

Vinisius “The best” sovrinini qo‘lga kiritdi

Kecha, 17 dekabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida FIFA tomonidan “The best” sovrinini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 

Marosimda har bir nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar nomi e’lon qilindi. “Real Madrid” va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Vinisius Junior 2024 yilning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovringa ega chiqdi.  

“Qaymoqranglilar” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti esa 2024 yilning eng yaxshi murabbiyi, deb e’lon qilindi.

“Real”ning Qatarga safari hali nihoyasiga yetmadi. Bugun, 18 dekabr kuni “Real” FIFA qit’alararo kubogi finalida ishtirok etadi.

“Qirollik klubi” turnir finalida Meksikaning “Pachuka” jamoasiga qarshi to‘p tepadi.

Ispaniya klubi o‘zbekistonlik futbolchi transferini e’lon qildi

Avvalroq, O‘zbekiston U-17 va Toshkentning "Lokomotiv" klubi a’zosi Lazizbek Mirzayev Ispaniyaning “Leganes” jamoasiga ko‘chib o‘tgani xabar qilingandi.

17 dekabr kuni “Leganes” Mirzayev transferini rasman e’lon qildi. 

“Bu transfer “Leganes” o‘z loyihasini kuchaytirish maqsadida xalqaro iste’dodlarga e’tibor qaratganini yana bir bor isbotlaydi”, deyiladi klub xabarida.

Mirzayev “Leganes”ning yoshlar jamoasi “Yuvenil A” safiga borib qo‘shiladi. U yangi jamoasida 10-raqam ostida to‘p tepadi. Shuningdek, Mirzayevning o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatgani va Angliya darvozasini ishg‘ol qilgani alohida ta’kidlandi. Hozircha transferning moliyaviy tomonlari aniq emas. “Transfermarkt”ga ko‘ra, 18 yoshli Mirzayevning qiymati 350 ming yevroni tashkil etadi.

Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida spirtli ichimliklar sotilmaydi

2034 yilda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida muxlislarga stadionlarda spirtli ichimliklar ichish taqiqlanadi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati vaqtida pivo sotish huquqini qo‘lga kiritish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin turnir tashkilotchilari bilan bu borada muzokara o‘tkazmoqchi emas.

Xalqaro futbol federatsiyasining Saudiya Arabistoni hukumatiga o‘z qonunlarini yumshatish va Jahon chempionati vaqtida stadionlarda spirtli ichimliklar sotishga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazish niyati ham yo‘q. Boshqa ko‘plab musulmon davlatlaridan farqli o‘laroq, Saudiya Arabistonida hatto hashamatli mehmonxonalarda ham spirtli ichimliklarni sotish taqiqlangan. Spirtli ichimliklar sotadigan yagona do‘kon 2024 yil yanvar oyida ochilgan va faqat musulmon bo‘lmagan diplomatlarga xizmat ko‘rsatadi.

FIFA manbalariga ko‘ra, Saudiya Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi Jahon chempionatidan namuna olgan.

Qayd etish joiz, 11 dekabr kuni 2034 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rasman e’lon qilingan edi. Mamlakat musobaqani o‘tkazishga yagona nomzod bo‘ldi. Jahon chempionati 38 kun davom etadi, chunki 2026 yildan boshlab turnirda 48 ta jamoa ishtirok etadi. Ommaviy axborot vositalarida chempionat yozda emas, kuchli jazirama va Ramazon bayrami munosabati bilan yanvarda bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatmoqda.

Ma’lumot uchun, JCH-2026 AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. 2030 yilgi Jahon chempionatining asosiy mezbonlari Ispaniya, Portugaliya va Marokash bo‘ladi. So‘nggi jahon chempionati 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan.

Husanov uchun kurashga “Manchester Siti” ham qo‘shildi

Fransiyaning “Lans” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovga Yevropaning uchta grandi da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda “L’Equipe” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, futbolchi uchun “Manchester Siti”, PSJ va “Atletiko” da’vogarlik qilmoqda. Fransuzlar o‘z futbolchisini qishda faqat bir shart bilan qo‘yib yuborishga tayyor. Qiziqish bildirgan klublar kamida 30 million yevro taklif qilishlari kerak.

Joriy mavsumda Abduqodir Husanov “Lans” safida 15 ta o‘yin o‘tkazdi. O‘zbekistonlik futbolchining Fransiya klubi bilan tuzilgan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi. “Transfermarkt” futbolchini 12 million yevroga baholamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing