Rubob chalish san’ati UNESCO'ning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi
Jamiyat
−
05 dekabr
1208Rubob yasash va chalish san’ati UNESCO tomonidan Insoniyat nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2-7 dekabr kunlari Paragvay poytaxtida UNESCO'ning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha, 4 dekabr kuni Hukumatlararo qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlari bilan birgalikda “Rubob yasash va chalish san’ati” nominatsiyasi barcha a’zo mamlakatlarning bir ovozdan roziligi bilan Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Qo‘mita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubiy-G‘arbiy Osiyodagi eng qadimiy cholg‘u asboblaridan biri ekanligi qayd etilgan.
Shuningdek, rubob Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini birlashtiruvchi omil ekani ta’kidlangan.
“U madaniy va ijtimoiy hamjihatlikni rag‘batlantiradi va madaniy almashinuv hamda birdamlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu san’at turining ham sifatli ta’lim, gender tengligi, inklyuziv iqtisodiy va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi mamnuniyat bilan qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Qo‘mita tashabbuskor mamlakatlarda rubob yasash va chalish san’atini milliy va xalqaro miqyosda asrab-avaylash, targ‘ib qilish va yanada ommalashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan hamda rejalashtirilgan amaliy chora-tadbirlarni yuqori baholagan.
“Rubob yasash va chalish san’ati O‘zbekiston tashabbusi bilan UNESCO’ning Insoniyat nomoddiy madaniy meros Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan 16-elementi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNESCO qozoqlarning “Betashar” marosimini nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi