113 mamlakat ta’limdan ko‘ra ko‘proq qarz to‘lashga pul ajratyapti – UNESCO

Olam

image

BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) hukumatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlarni ta’limni moliyalashtirish inqirozini yumshatish maqsadida ta’lim uchun qarzni almashtirish mexanizmidan kengroq foydalanishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni UNESCO Parijda bo‘lib o‘tgan global ta’lim sammitida qarzni almashtirish bo‘yicha yangi tavsiyalarini taqdim etdi.

Tashkilotning qayd etishicha, ushbu mexanizm qarz yuki og‘ir bo‘lgan mamlakatlarga cheklangan moliyaviy resurslarni maktablar, o‘qituvchilar tayyorlash va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish imkonini beradi.

Ta’lim uchun qarzni almashtirish mexanizmi mamlakatlarga yuqori foizli qarzlarni qayta moliyalashtirish yoki sotib olish va shu orqali tejalgan mablag‘larni ta’lim sohasiga yo‘naltirish imkonini yaratadi.

So‘nggi vaqtlarda Jahon banki ham bunday kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlay boshlagan. UNESCO ikki tomonlama hamkorlik misollarini ham keltirgan. Jumladan, 2023 yilda Fransiya va Kot-d'Ivuar o‘rtasida tuzilgan kelishuv mamlakatda 30 dan ortiq maktab qurilishini moliyalashtirishga yordam bergan. Ispaniya va Peru o‘rtasidagi dastur esa o‘n yil davomida 50 ta ta’lim loyihasini moliyalashtirgan.

UNESCO murojaati ta’lim byudjetlariga bosim ortib borayotganini ko‘rsatuvchi yangi tadqiqotlar fonida yangradi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 6,1 milliard aholi istiqomat qiladigan 113 ta davlat qarzlarga xizmat ko‘rsatish uchun ta’limdan ko‘ra ko‘proq mablag‘ ajratmoqda. Daromadi past mamlakatlarda davlat qarzlariga to‘lovlar ta’lim xarajatlaridan qariyb to‘rt baravar yuqori. Eng katta qarz yukiga ega bo‘lgan 18 ta mamlakatda esa bu ko‘rsatkich ta’lim byudjetidan kamida besh baravarga oshgan.

UNESCO, shuningdek, ta’lim sohasiga xalqaro yordam qisqarayotganidan ham ogohlantirgan. Tashkilotning Global Education Monitoring Report hisobotiga ko‘ra, 2023-2027 yillar oralig‘ida ta’limga ajratiladigan global yordam hajmi 30 foizgacha kamayishi mumkin.

2024 yilda ta’lim sohasiga ajratilgan xalqaro yordam o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga qisqargan. Boshlang‘ich ta’limni moliyalashtirish esa 15 foizga kamaygan. Daromadi past va o‘rtadan past mamlakatlar 2023 yilda olgan ta’lim yordamining allaqachon 21 foizini yo‘qotgan. Afg‘oniston, Liberiya, Mali va Nigerda bu qisqarish 40 foizdan oshgan.

UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, ta’limning umumiy rivojlanish yordamidagi ulushi 2024 yilda 7,5 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu so‘nggi yigirma yildagi eng past ko‘rsatkichdir. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, daromadi past va o‘rtadan past mamlakatlarda ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha yillik yetishmovchilik 97 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.

“Ta’lim – mamlakatlar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan eng qudratli investitsiyadir, ammo u muntazam ravishda yetarli darajada moliyalashtirilmayapti”, degan UNESCO Bosh direktori Xalid al-Enaniy.

U ta’limni moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlarini kengaytirish uchun siyosiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirgan.

Ushbu xulosalar BMTning 2030 yilgacha barcha uchun inklyuziv va sifatli ta’limni ta’minlash maqsadida erishilgan natijalarni baholash uchun vazirlar, taraqqiyot banklari va xalqaro tashkilotlar vakillarini jamlagan Transforming Education Summit+4 sammitida e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing