Rubio Ukrainadagi urushni tugatish rejasining dastlabki bosqichlarini aytdi
Olam
−
17 mart
3259Vashington Ukrainada hech bo‘lmaganda qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda, chunki harbiy harakatlar davom etishi muzokaralar jarayoniga hissa qo‘shmaydi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio kecha, 16 mart kuni e’lon qilingan Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
AQSHning joriy tashqi siyosati haqida suhbat chog‘ida teleboshlovchi Margaret Brennan Donald Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoffning yaqinda Moskvaga safari va u yerda Vladimir Putin bilan uchrashgani haqida so‘radi. Boshlovchining ta’kidlashicha, Rubio avvalroq Uitkoffning Rossiyaga tashrifi natijalari Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga intilayotganini yoki Rossiya Prezidenti kechiktirish taktikasini afzal ko‘rayotganini ko‘rsatishini aytgan edi. Biroq Putin tinchlik muzokaralari yo‘lida aniq qadam tashlamadi, keyinroq Rubio Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdi va bu muzokaralar natijasida ham hech qanday bayonot berilmadi. Shu fonda Brennan Rubiodan Moskva muzokaralar jarayonini kechiktirishni tanladimi, deb so‘radi. Bunga javoban AQSH Davlat kotibi Rossiya bilan muzokara jarayonini muhokama qilmasligiga ishora qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoffning Putin bilan uchrashuvi “ishonchli”, biroq “ba’zi muammolar bor”.
“Bu juda uzoq muddatli harbiy frontda olib borilayotgan, juda ko‘p asoratlarga ega bo‘lgan murakkab, uch yillik urush. Hech kim buni oson demayapti, lekin men hamma reja nima ekanligini tushunishini istayman. A reja – o‘t ochishni to‘xtatish, shunda biz B rejaga, ikkinchi bosqichga o‘tishimiz mumkin, ya’ni barchani muzokaralar stoliga jalb qilishga”, dedi Rubio.
Shu bilan birga, Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishi shart emas.
“Lekin har holda, birinchi bosqichdan o‘tmagunimizcha ikkinchi bosqichga ham kira olmaymiz. Ular bir-biriga qarata o‘q uzayotgan paytda urushni abadiy tugatish to‘g‘risida kelishib olish qiyin va shuning uchun ham Prezident Tramp o‘t ochishni to‘xtatishni xohlaydi”, dedi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff 13 mart kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralari yakunlanishini sakkiz soat kutgani, shundan so‘ng, Putin bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilingandi.