Rubio Putinni “jinoyatchi” deb atashdan bosh tortdi
Olam
−
22 may
4755AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “jinoyatchi” deb atashdan bosh tortdi. Bu hodisa kecha, 21 may kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi eshituvlarida sodir bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasida o‘tkazilgan eshituvida senator Bill Kiting (demokrat) Marko Rubiodan Vladimir Putinni “harbiy jinoyatchi” deb hisoblaydimi, deb so‘ragan. Bu bilan senator Rubioning bir necha yil avval aytgan bayonotini eslatgan.
“Ukrainadagi urush paytida jinoyatlar sodir etilgan, bu uchun javobgarlik bo‘ladi. Ammo hozirgi asosiy maqsadimiz – bu urushni tugatish”, deya gapni olib qochgan Marko Rubio.
Shundan so‘ng Bill Kiting AQSH Davlat kotibini izchil pozitsiyaga ega emaslikda ayblagan.
“Bu axir oddiy. Putin harbiy jinoyatchimi? AQSH muzokaralar olib borayotgan Vladimir Putin harbiy jinoyatchimi?” deya yana qayta so‘rashda davom etgan Kiting.
Rubio esa hozir bu masala hal qilinmasligini ta’kidlagan.
“Men sizga urushni tugatishga urinayotganimizni aytyapman. Harbiy jinoyatlar sodir etilgan. Bu – aniq. Bunga kim javob beradi? Buning vaqti va joyi keladi. Ammo hozirgi vazifa – urushni yakunlash”, deya takrorlagan AQSH Davlat kotibi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlangan paytda Marko Rubio Florida shtatidan senator bo‘lgan va Senatning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U AQSH Ukrainaning yonida turishi shartligini ta’kidlagan va Vladimir Putin’ni “harbiy jinoyatchi” deb atagan.
Xuddi shunday bayonotlarni sobiq AQSH prezidenti Jo Bayden ham qilgan.
Biroq 2025 yil fevral oyiga kelib, Rubio Davlat kotibi lavozimini egallaganidan so‘ng, Rossiya Prezidentiga nisbatan ilgari aytgan so‘zlarini takrorlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio “Fox News”ga bergan intervyusida Ukrainada tinchlik jarayoni AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvidan keyingina boshlanishi haqida aytgan edi.
LiveBarchasi