Ruhoniy Yevropa mamlakatlarini ogohlantirdi

Olam

image

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy Yevropa davlatlarini ogohlantirdi. U Yaqin Sharqdagi Yevropa davlatlari harbiylari xavfda qolishi mumkinligini ta’kidladi. 

Ruhoniy Eron 2015 yildagi yadro kelishuvi talablarini bajarishni to‘xtatganidan keyin Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya mamlakatga qarshi sanksiyalarni tiklashni boshlaganini bunga sabab qilib ko‘rsatdi.

Ruhoniy shuningdek, Yevropa davlatlarini yadro dasturi bo‘yicha kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketgan AQSH qarashlari bilan harakatlanishini tanqid qildi.

“Bugun amerikalik askar xavfda, ertaga yevropalik askarlar ham xavfda bo‘lishi mumkin. Keling xavfsizlikni ta’minlaylik! Biz dunyoda beqarorlik bo‘lishini xohlamaymiz. Biz sizlar (yevropaliklar) mintaqadan aql bilan, urushsiz chiqishingizni istaymiz”, degan Ruhoniy.

Eron Prezidenti Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi”ni (HUHR) Tramp bilan kelishuvga almashtirish taklifini ham tanqid ostiga oldi. U yangi kelishuv kafolatiga shubha bildirdi.

“Tramp iqlim bo‘yicha kelishuvdan bosh tortganda, sizlar (yevropaliklar) nima qildingiz? U NATO bilan tortishgandachi? UNESCO`dan chiqqanida nima qildingiz? Tramp BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqqanidan nima qiloldingiz?”, deb Yevropa davlatlari oldiga savol qo‘ygan.

Ma’lumot uchun, kecha, 14 yanvar kuni rasmiy Berlin, London va Parij HUHR doirasida muammolarni hal qilish mexanizmini ishga tushirdi. Kelishuvga aloqador bo‘lgan Rossiya bu qaror bo‘yicha tashvishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Eron general Qosim Sulaymoniy Bag‘dodda AQSH hujumi natijasida o‘ldirilgach, yadro dasturi bo‘yicha kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajarishni to‘xtatganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Hasan Ruhoniy yadro kelishuvi

Baholaganlar

385

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing