“Ruhan o‘lib bo‘ldik”. Iroqdagi yong‘inda omon qolgan kelin-kuyov voqea haqida gapirdi
Olam
−
08 Oktabr 2023
15626Joriy yilning 26 sentyabr kuni Iroqning Naynava viloyati Hamdaniya tumanida to‘y marosimida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 100 kishi halok bo‘ldi, yana 150 kishi jarohatlangandi. Shundan so‘ng, kelin-kuyovlar endi o‘z shaharlarida qola olmasligini bildirdi. Bu haqda ular Amerikaning “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
27 yoshli Revan va uning turmush o‘rtog‘i 18 yoshli Hanin gavjum to‘yxonada boshlangan yong‘indan omon qolganiga qaramay, o‘zlarini ruhan o‘lganini aytdi.
Yigitning 15 nafar qarindoshi yong‘in va tiqilinchda halok bo‘lgan, qizning 10 nafar qarindoshi, jumladan onasi va uch ukasini yoqotgan. Og‘ir kiyingani uchun kelin mehmonlar oyog‘i ostida o‘lib qolishiga sal qolgan. Kuyov uni tashqarida qo‘lida olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
"Hayotimiz do‘zaxga aylandi. Biz tashqariga chiqib, odamlarning ko‘ziga qaray olmaymiz. Bo‘ldi, biz endi bu yerda yashay olmaymiz. To‘g‘ri, bu yerda sizlarning qarshingizda tirik o‘tiribmiz. Ammo ichimizda biz o‘likmiz. Biz qotib qoldik”, deydi Revan.
Shuningdek, u fojia tafsilotlarini ham aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga salyut emas, balki qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Raqs paytida elektr o‘chirilgan va u yoqilganda shiftda olov paydo bo‘lgan. O‘sha paytda odamlar qichqirib, qochib ketgan.
“Shift yonuvchan materialdan yasalgan, shuning uchun u darhol eriy boshladi: bu bir necha soniya davom etdi”, deydi Revan.
Shu bilan birga, zalda faqat bitta o‘t o‘chirish moslamasi bo‘lgan va u ham nosoz bo‘lib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, to‘ydagi fojia ortidan butun mamlakatda motam e’lon qilingandi.
LiveBarchasi