Roza Otunboyeva Afg‘onistonda “Tolibon” vakili bilan uchrashdi
Olam
−
04 aprel 2023
8967BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roza Otunboyeva Qobulda “Tolibon” Bosh vazir o‘rinbosari Abdul Kabir bilan uchrashdi. Bu haqda “Ariana News” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, uchrashuv davomida Abdul Kabir “Tolibon” hukumati BMT tomonidan qo‘yilgan barcha shartlarni bajarganini va buni tan olish vaqti kelganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston xalqaro hamjamiyat bilan faol aloqada bo‘lishni istaydi, biroq buning uchun BMT davlat va uning amaldorlari (aslida “Tolibon” harakati yetakchilari)ga kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishi kerak bo‘ladi.
Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ISHID haqiqatdan ham global tahdid hisoblanadi. Biroq “Tolibon” Afg‘onistonda bu guruhni yo‘q qilgan. Shuningdek, u davlat o‘zaro muloqotga ishonishini, inklyuziv boshqaruv tizimiga amal qilish niyatida ekanini, biroq bu tizimdagi tayinlovlar tajriba asosida amalga oshirilishi kerakligini qayd etgan.
O‘z navbatida, Roza Otunboyeva Afg‘oniston muammolarini muloqot orqali hal etish muhimligini ta’kidlab, BMT bu yo‘nalishda ish olib borishini ta’kidlagan. Shuningdek, u “Tolibon”ni Ramazon oyi bilan tabriklagan va BMT Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Roza Otunboyeva 2010-2011 yillarda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti bo‘lgan. Shuningdek, u uch marta tashqi ishlar vaziri lavozimida ham faoliyat yuritgan. Bungacha u Tashqi ishlar vazirligida muhim diplomatik lavozimlarda, jumladan, Qirg‘izistonning AQSH va Kanadadagi (1992-1994) hamda Buyuk Britaniyadagi elchisi (1997-2002) lavozimlarida ham ishlagan. 2022 yil 3 sentyabrda esa Roza Otunboyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan uning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan.
LiveBarchasi