Rossiyadagi qurol-yarog‘ omborida yong‘in chiqib, portlashlar boshlandi

Olam

Kecha, 7 oktyabr kuni Rossiyaning Ryazan viloyati Jeltuxino qishlog‘i yaqinidagi qurol-yarog‘ omborida yong‘in yuz berdi va u yerdagi snaryajlarning portlashiga olib keldi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.

G‘arbiy harbiy okrug ma’lumotiga ko‘ra, dastlab harbiy qismda quruq o‘t yongan, ammo alanga kuchli shamol sabab artilleriya qurollari saqlanayotgan maydonga ham yetib borgan.

Alangani harbiy qismdagi o‘t o‘chiruvchilar guruhi bilan bartaraf etishga harakat qilingan. Biroq uning tarqalishini to‘xtatishning imkoni bo‘lmagan. Harbiy qismdagilar evakuatsiya qilingan.

Shundan so‘ng, FVV mutaxassislari ombordan bir necha kilometr uzoqlikdagi qishloq aholisini ham evakuatsiya qila boshlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2,3 ming odam ko‘chirilgan.

Snaryadlarning atrofga sochilayotgan parchalari harbiy qismdan 3 kilometr uzoqlikdagi Kuzminki-2 qishlog‘ida o‘tlarning yonishiga sabab bo‘lgan.

Yong‘inga qarshi kurashda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, shuningdek, bir necha o‘nlab harbiylar ishtirok etmoqda, maxsus harbiy texnika jalb qilingan – ikkita o‘t o‘chirish tanki va zirhli o‘t o‘chirish mashinalari.

Bundan tashqari, FVV voqea joyiga o‘t o‘chiruvchi poyezdni yuborib, Il-76 samolyoti va ikkita Mi-8 vertolyotini shay holatga keltirdi. Yong‘inni o‘chirishga maxsus robotlar ham yordamlashyapti. Mudofaa vazirligi shuningdek, ushbu joyga to‘rtta Il-76 samolyotini yubordi.

Yong‘inni o‘chirishga hududdagi kuchli shamol va har 10 sekundda portlayotgan qurollar qiyinchilik tug‘diryapti. Yong‘in hududi kengayishda davom etyapti.

Guvohlar bir qancha kuchli portlash bo‘lganini aytdi. Portlash to‘lqini va snaryad parchalari bir necha o‘nlab turar-joy binolarining devorlari va derazalariga zarar yetkazdi. Hodisa hozirgacha 10 kishi jarohatlangan.

Tergov qo'mitasi qurol bilan muomala qilish qoidalarini buzish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi. Yong‘in sodir bo‘lgan joyga tergov guruhi bordi.

Ryazan viloyatida favqulodda rejim joriy etildi. Aholini evakuatsiya qilish yong‘in epitsentridan 25 km radiusda amalga oshirilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Ryazan yon-in

Baholaganlar

177

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing