Rossiyasiz “don kelishuvi” ishlaydimi? Kremldan sado chiqdi
Olam
−
31 Oktabr 2022
12507Rossiya ishtirokisiz don bo‘yicha kelishuv xavfli bo‘lib qoladi va amalga oshishi qiyin. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi.
“Turkiya tomoni bilan, shuningdek, BMT bilan diplomatik va boshqa idoralar orqali aloqalar davom etmoqda”, deydi Kreml matbuot kotibi.
Shu bilan birga, Peskov hozircha don bo‘yicha kelishuv davom etishi mumkin bo‘lgan Moskva shartlarini ayta olmagan.
“Men bu savolga hozircha javob berishga tayyor emasman, bu oson emas”, deydi Kreml matbuot kotibi.
Shuningdek, u don kelishuvi bo‘yicha aloqalar davom etayotganini ta’kidlagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, g‘alla bitimini Rossiya ishtirokisiz amalga oshirish deyarli mumkin emas, bu yanada xavfli bo‘lib qoladi.
“Rossiya bu hududlarda navigatsiya xavfsizligini kafolatlashning iloji yo‘qligi haqida gapirayotgan sharoitda, albatta, bunday bitimni amalga oshirish qiyin. U boshqa xarakterga ega, ancha xavfli, tahlikali va kafolatsiz”, deydi u.
Bundan tashqari, Peskov Rossiya don bitimidan chiqqanidan keyin ham qashshoq mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi lekin hali aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.
“Fursatdan foydalanib, shuni eslatib o‘tmoqchimanki, ushbu shartnoma bo‘yicha yetkazib berilgan umumiy donning faqat kichik ulushi eng qashshoq mamlakatlarga to‘g‘ri kelgan, qolgan qismini esa Yevropadagi kambag‘al bo‘lmagan davlatlar olgan. Buni qanday amalga oshirishimiz murakkab masala, uni hali ishlab chiqish kerak. Hozircha biz Rossiya tomonining pasaygan hajmlarni o‘z hisobidan qoplashga tayyorligini kafolatlay olamiz”, deydi Peskov.
Avvalroq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiya va Ukraina delegatsiyalari dengiz gumanitar yo‘lak bo‘ylab 14 ta o‘rniga 16 ta kemaning harakatlanishi jadvalini tasdiqlagandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, rasmiy Moskva kemalar xavfsizligiga javob bermasligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.
Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.
Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.
LiveBarchasi