Rossiyaning qo‘shnilari ommaviy urushga tayyorlanmoqda – “Politico”
Olam
−
16 iyun 15309 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh Yevropa mamlakatlari sog‘liqni saqlash tizimini urush holatiga tayyorlamoqda. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Litva, Polsha va Estoniya kutilayotgan harbiy to‘qnashuv ehtimoliga qarshi turli choralarni ko‘rmoqda. Jumladan, Litva NATOning sharqiy qanotiga hujum bo‘lishi kabi eng yomon ssenariyga tayyorlanmoqda. Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hajmdagi bosqini ortidan harbiy mojaro tahdidi keskin kuchaygani ta’kidlanmoqda.
Mamlakatda harbiylar, politsiya, yong‘in o‘chirish xizmatlari, shifoxonalar va tibbiyot xodimlari favqulodda holatlarda harakat qilishga o‘rgatilmoqda.
Vilnyusdagi universitet klinikasi – Santaros Clinics energiya yoki suv ta’minoti to‘xtatilgan taqdirda ham faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yerosti infratuzilmasi, boshpanalar, vertolyot qo‘nish maydonchalari va avtonom tizimlarni ishlab chiqmoqda.
Estoniyada esa tez yordam brigadalari uchun zirhli jiletlardan tashqari, an’anaviy aloqa tarmoqlari ishdan chiqqan holatlarda foydalanish uchun sun’iy yo‘ldosh telefonlari tarqatilishi rejalashtirilgan. Hatto zarurat tug‘ilsa, mustaqil internet tarmog‘ini yaratish rejalari ham bor. Ukraina tajribasidan kelib chiqib, sog‘liqni saqlash tizimiga elektr generatorlari o‘rnatilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayniqsa Sharqiy Yevropadagi ko‘plab shifoxonalar sovet davridan qolgan va ular zaif hisoblanadi.
Estoniya, shuningdek, favqulodda holatlarda darhol foydalanish mumkin bo‘lgan mobil tibbiy bloklarni – vaqtincha davolash muassasalarini sotib olayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Estoniya umumiy tizim tayyorgarligini kuchaytirmoqda: shifoxonalar, tez yordam brigadalari va tibbiyot xodimlari “inqiroz rejimi”ga o‘tishga – bemorlarning keskin ko‘payishi sharoitida ishlash va harbiy davrga xos jarohatlar – portlash, o‘q yaralari, kuyishlar, amputatsiyalar, umurtqa va bosh miyaga oid shikastlar bilan shug‘ullanishga tayyorlanmoqda.
“Boltiqbo‘yi davlatlari ommaviy qurbonlar holatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jumladan, Estoniya jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish vositalari – ortopedik uskunalar, arterial qon ketishini to‘xtatish jgutlari, travmatologik to‘plamlar kabi jihozlar xaridi uchun 25 million yevro ajratgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan Narva shahrida harbiy baza barpo etishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Bazada 200-250 nafar estoniyalik harbiy xizmatchi va mamlakatning ittifoqchilaridan iborat bo‘linmalar joylashtiriladi.
Live
Barchasi