Rossiyaliklarning YeIda muzlatilgan aktivlari miqdori 24,1 milliard yevroga yetdi

Olam

image

May oyi oxirida Yevropa Ittifoqi davlatlari rossiyaliklarning 24,1 milliard yevro miqdoridagi shaxsiy aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda bugun, 27 may kuni Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga tayanib, “Welt am Sonntag” gazetasi xabar berdi. 

Ta’kidlanishicha, Rossiya Federatsiyasining hukmron doiralari bilan yaqin aloqada bo‘lgan rossiyalik tadbirkorlarning muzlatilgan aktivlari miqdori so‘nggi olti oyda unchalik oshmagan – 2022 yil dekabrigacha 18,9 milliard yevro hisobidagi mablag‘ muzlatilgan. O‘sishning nisbatan kichik bo‘lganligi boshqa narsalar qatori Germaniya bilan ham bog‘liq: 2023 yil 24 fevral holatiga ko‘ra, mamlakat hukumati rossiyaliklarning 5,22 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Rossiya Bankining aktivlariga kelsak, ular YeIda taxminan 200 milliard yevro, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida va G7 da esa 300 milliard yevroga yaqin miqdorda muzlatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, muzlatilgan aktivlarni Ukrainani qayta tiklashga jo‘natish bo‘yicha Yevropa Komissiyasi rejalarini amalga oshirishda hali ham qonuniy to‘siqlar mavjud. 

Aktivlarni musodara qilish uchun Yevropa davlatlari Kanada singari milliy qonunlarni o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Biroq Bryusseldagi rasmiylar bu bilan Afrika va Xitoy kompaniyalarini qo‘rqitib qo‘yishi mumkin. Shu munosabat bilan, Yevropa Komissiyasi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlariga tegmaslik kerak, deb hisoblamoqda. Yevrokomissiya vakilining aytishicha, sanksiyalar olib tashlanganidan keyin pullarni qaytarish kerak bo‘ladi. 

Aytilishicha, Yevropa Ittifoqi hozirda mablag‘larni kapital bozoriga investitsiya qiladigan maqsadli fondga o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Keyin foydadan olingan foizlarni Ukraina olishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Komissiyasi tinchlik kelishuviga erishilgan, Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga tovon puli to‘lagan taqdirda “rus” pullarini hisobga olishni rejalashtirmoqda. Yevropa Ittifoqi hali yakuniy qaror qabul qilgani yo‘q, bu iyun oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida kutilmoqda. 

Gazetaning ta’kidlashicha, tadbirkorlarning mol-mulki – villalar, yaxtalar, avtomobillar yoki san’at buyumlarini musodara qilish mumkin emas, chunki Rossiya rasmiylari bilan aloqada bo‘lganlikda gumon qilish musodara qilish uchun asos emas. Bu faqat sanksiyalar rejimi buzilganligi haqida dalillar mavjud bo‘lganda amalga oshirilishi mumkin.

Ammo Germaniya hukumati agar muzlatilgan mablag‘larni Ukrainani qayta tiklash uchun ishlatiladigan bo‘lsa, o‘zini Rossiya Markaziy banki aktivlarini musodara qilish huquqiga ega, deb hisoblaydi. Germaniya parlamenti huquqshunoslarining fikricha, bunday holda sanksiyalar bekor qilingandan keyin pulni qaytarish majburiyati o‘z kuchini yo‘qotmaydi, biroq nemis hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi jami 1471 jismoniy shaxs va 205 firma uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi shaxsiy aktivlar Rossiyaliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing