Rossiyalik sportchilar urush haqida gapirishdan qo‘rqmoqda – Vitaliy Klichko
Sport
−
17 mart 2022
5129Rossiyalik sportchilar Ukrainadagi vaziyat haqida gapirishga qo‘rqmoqda. Professional boksning super o‘g‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, hozirda Kiyev meri vazifasini bajarayotgan Vitaliy Klichko rus sportchilari bilan muloqotdan so‘ng, “Ukrainskaya pravda” nashriga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.
“Rostini aytsam, men rossiyalik sportchilar bilan gaplashdim. Ularning ismlarini aytmayman. Sportchilarga Ukrainadagi vaziyatni tushuntirishga harakat qildim, lekin ular bu haqda gapirishga qo‘rqishdi. Urush odamlarni nimaga olib kelganini tasavvur qila olasizmi? Ular o‘z his-tuyg‘ulari va fikrlari haqida gapirishdan cho‘chishmoqda. Qo‘rqayotgan odamlar – jangchilar. Gaplashgan insonlarim sportda katta-katta unvonlarga ega shaxslar hisoblanadi. Ular hech qachon qo‘rqoq bo‘lmagan, lekin urush haqida fikr bildirishdan qo‘rqishadi”, degan Vitaliy Klichko.
Avvalroq, Vitaliy Klichko Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush qonli jangga aylanib bo‘lgani, endilikda u qo‘liga qurol olib kurashishga majburligini aytib o‘tgan edi.
Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar
Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi.
Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.
Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.
Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.
Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Maxsus Olimpiada o‘yinlari bekor qilindi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi