Rossiyalik prankerlar Polsha Prezidentini chuv tushirdi
Olam
−
23 noyabr 2022
14924Polsha Prezidenti Andjey Dudani “Vovan” va “Leksus” nomlari bilan tanilgan rossiyalik prankerlar telefon orqali chuv tushirdi. Ular o‘zini Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron sifatida tanishtirib, Duda bilan bir necha daqiqa davomida suhbatlashgan. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Andjey Duda hamda Vladimir Kuznetsov va Aleksey Stolyarov o‘rtasidagi suhbat joriy yilning 15 noyabr kuni Polshaga tushgan raketa haqida kechgan. Telefon go‘shagini ko‘targan Andjey Duda suhbatdoshi Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron deb o‘ylab, qo‘ng‘iroq uchun minnatdorlik bildirgan va vaziyat haqida axborot bergan. Duda kunning ikkinchi yarmida mamlakatga sharqdan raketa kelib tushgani va ushbu raketa Rossiya tomonidan yo‘llangan degan ehtimol borligini aytgan. Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon suhbatlari tafsilotlari haqida bayon qilgan va Rossiya bilan urush bo‘lishini xohlamasligini aytgan. Suhbat yetti daqiqadan ko‘proq davom etgan.
Oradan bir necha kun o‘tib, internet tarmog‘ida suhbatning audio yozuvi e’lon qilinganidan so‘ng Polsha Prezidenti devoni Twitter'da bayonot bergan va ushbu suhbat haqiqatdan ham bo‘lib o‘tgani tasdiqlangan. Bu shaxslar qanday qilib Prezident bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani tekshirilishi ma’lum qilingan.
“Pshevoduvdagi raketa portlashidan so‘ng davlat va hukumat rahbarlari bilan davom etayotgan qo‘ng‘iroqlar chog‘ida Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron deb da’vo qilgan shaxs bog‘landi. Qo‘ng‘iroq paytida Prezident Andjey Duda suhbatdoshi, suhbatni g‘ayrioddiy tarzda olib borishidan bu soxta qo‘ng‘iroq bo‘lishi mumkin ekanini tushundi va suhbatni to‘xtatdi”, deyiladi devonxona xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, Bu “Vovan” va “Leksus”ning Duda bilan ilk suhbati emas. Ular 2020 yilda ham Polsha Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sifatida qo‘ng‘iroq qilgan va Prezidentlik saylovlaridagi g‘alaba bilan tabriklagan edi. “Vovan” va “Leksus” Rossiyada mashhur shaxslar va siyosatchilarni telefon qo‘ng‘iroqlari orqali nishonga olishi bilan tanilgan. Bundan avval ular Prezident Makron, britaniyalik qo‘shiqchi Elton Jon, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson va boshqalar bilan telefon orqali bog‘langan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 noyabr kuni Polsha sharqida, Ukraina bilan chegarada joylashgan Pshevoduv (Lyublin vodiysi) qishlog‘iga raketa qulab tushdi va ikki kishi halok bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Anjey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bu Polshaga ataylab qilingan hujum emas. Varshavada ma’lum bo‘lishicha, 1970-yillarda ishlab chiqarilgan S-300 tipidagi zenit-raketa tizimining raketasi Ukraina raketaga qarshi mudofaa/havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan ishlatilgan.
Polsha hukumati 16 noyabrga o‘tar kechasi Xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan tashqari, Varshava NATO, AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashdi. Duda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Polsha hukumati ham turli darajadagi hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Polsha hukumati barcha xizmatlarni yuqori shay holatga keltirish va havo hududi monitoringini kuchaytirishga qaror qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalari qulagani haqidagi bayonotlarini provokatsiya deb atadi va Ukraina-Polsha chegarasi yaqinida Rossiya qurollarining zarbalari yo‘qligini aytdi.