Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Rossiyalik olim nohaqmi: O‘zbekistonda suv tanqisligi xavfi qanchalik jiddiy?

Tahlil

image

Yaqinda Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti (IMEMO) Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchin mintaqa 2028 yilga borib, suv tanqisligining surunkali bosqichiga o‘tishini prognoz qildi. U joriy yilning 18 fevral kuni onlayn formatda bo‘lib o‘tgan “Iqlim o‘zgarishlari va Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish muammolari” mavzusidagi davra suhbatida so‘z ochar ekan, mintaqaviy suv boshqaruv tizimining samarasizligini ta’kidladi.

“Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha keng vakolatli xalqaro institut mavjud emas. Albatta, davlatlar o‘rtasida ikki va uch tomonlama muzokaralar olib borilmoqda, biroq umuman olganda, suv masalalarini hal qilish tizimi murakkabligicha qolmoqda. Suv taqsimotidan tashqari umumiy strategiyani ishlab chiqadigan institutlar yo‘q. Biroq ba’zi harakatlar kuzatilmoqda – masalan, “Qambar ota” bo‘yicha uch davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston) birgalikda loyihani amalga oshirishga kelishib oldi. Bu ijobiy qadam, ammo yetarli emas”, degan olim.

Uning bunday iddaolari o‘zbekistonliklarni qaysidir ma’noda sarosimaga solib qo‘ydi, ijtimoiy tarmoqlarda “suv tanqisligi oshib ketadi”, “bir litr suv benzindan qimmat bo‘ladi” kabi vahimali postlar ham e’lon qilindi. QALAMPIR.UZ rossiyalik olimning fikrlariga munosabat olish uchun Suv xo‘jaligi vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Pritchinning bunday fikrlari mintaqada suv resurslari to‘g‘risida mavjud vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish va haqiqiy holatni chuqur bilmaslikdir.

“Bunday asossiz fikr-mulohaza va axborotlarning tarqatilishi keng jamoatchilik, aholi, ayniqsa, yoshlar fikrini chalg‘itib, ular ongida mazkur mavzuga nisbatan salbiy munosabatlar shakllanishiga olib keladi. Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) va Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK), shuningdek, suvdan foydalanish bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar va qo‘shma komissiyalar doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan suv masalalari bo‘yicha aloqalarni izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yillarda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan o‘zaro kelishuvlar natijasida Sirdaryo va Amudaryo havzasida suv ta’minoti darajasini yaxshilash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilyapti”, deydi vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, vazirlik matbuot kotibi Shuhrat Suyunovning ma’lum qilishicha, 2030 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15 milliard kubometrga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunga sabab bo‘luvchi omillarni u quyidagicha sanadi:

“Mamlakatda yiliga o‘rtacha 50-51 milliard kubometr atrofida suv olinayotgan bo‘lib, shuning 20 foizga yaqini o‘zimizda, qolgan qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib, talab esa aholi soniga mutanosib ravishda ortib bormoqda”.

Shuningdek, rossiyalik olim Pritchin ham o‘z nutqida aholi soni o‘sishi vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotganini aytib o‘tgan. U mintaqa jadal rivojlanayotgani, demografik holat o‘zgaruvchanligi va bunda O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turganini ta’kidlagan.


Fakt: 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqa mamlakatlari ichida aholisi eng ko‘pi O‘zbekiston – 37,5 milliondan ortiq.


Shuningdek, ekspert turli hisob-kitoblarga ko‘ra, sug‘orish uchun mo‘ljallangan suvning 50 foizigacha bo‘lgan qismi dalalarga yetib borguncha yo‘qolib ketishini, bunga sabab esa suv resurslarining samarali ishlatilmasligi ekanini bildirgan. Vazirlik so‘zlovchisi esa bunga javoban quyidagilarni misol keltirdi:

“2024 yilda davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 75 ta ob’ekt doirasida 555 kilometr kanallar rekonstruksiya qilindi, shundan 433 kilometr kanal betonlashtirildi. Farg‘ona vodiysida 160 kilometr kanallar modernizatsiya qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuskorligida klaster, fermer xo‘jaliklari tomonidan 13,5 ming kilometr ichki sug‘orish tarmoqlariga beton yotqizildi. Betonlangan irrigatsiya tarmoqlarida filtratsiya (yerga shimilib ketish) kamayib, suvni boshqarish tizimi takomillashdi, 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi. Irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,66 dan 0,67 ga oshdi. 2018 yilgacha mamlakat bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar jami 28 ming gektar maydonda joriy etilgan bo‘lsa, hozirda bu 1,9 million gektarga (44 foiz) yetkazildi. Birgina 2024 yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalar va lazerli uskunalar yordamida 2,5 milliard metr kub suv tejaldi”.

Bundan tashqari, Shuhrat Suyunovning QALAMPIR.UZ’ga gapirib berishicha, O‘zbekiston foydalanadigan suv resurslarining 90 foizidan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Mamlakat mintaqada irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari eng ko‘p va yirik suv xo‘jaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanadi va sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 60 foizdan ortiq yerlar nasos stansiyalari yordamida sug‘oriladi va sug‘oriladigan maydonlarning 50 foizga yaqini turli darajada sho‘rlangani vazifalarni murakkablashtiradi.

“Shu bois, Prezidentimiz tomonidan 2024 yil “Sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilingan bo‘lsa, 2025 yil “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘ldi”, deydi Suyunov.


Ma’lumot uchun, Yer yuzasining 71 foizi suvdan iborat. Mavjud suvning 97,2 foizini okeanlardagi sho‘r suvlar, 2,8 foizini esa chuchuk suvlar tashkil qiladi. Ammo bundan ham to‘liq foydalanish imkonsiz, chunki chuchuk suvlarning 2/3 qismi muzliklar yoki yer ostida. Shuning uchun ham suv juda qimmat resurs hisoblanadi, ayniqsa, o‘zgaruvchan kontinental iqlimli, asosiy qismi cho‘llardan iborat O‘zbekiston uchun.


Shuningdek, QALAMPIR.UZ Suv xo‘jaligi vazirligi oldiga ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan Qo‘shtepa kanali ishga tushgach, “O‘zbekiston suv taqchilligi bilan qanday kurashadi?” degan savolni qo‘ydi.


Ma’lumot uchun, Qo‘shtepa – Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan 2022 yilda qurilishi boshlangan va Amudaryodan suv olishga mo‘ljallangan kanal. “Tolibon”ga ko‘ra, uch bosqichda bitkazilishi kutilayotgan ushbu kanalning uzunligi 285 kilometr, eni 100 metr bo‘ladi.  Jamoatchilik esa kelgusida Orol dengizi va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ahvoli haqida xavotir bildirmoqda. 2023 yilda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Qo‘shtepa kanali loyihasi ortida “boshqa kuchlar” ham borligini ma’lum qilgandi.


Suyunovga ko‘ra, kanal to‘liq ishga tushishi oqibatida suv tanqis yillarda Amudaryoning quyi oqimida joylashgan hududlarning iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ta’sirlar sezilishi mumkin.


Ma’lumot uchun, Tojikistonning Pomir tog‘i etaklaridagi Panj va Vaxsh daryolarining birlashuvidan boshlanib, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Turkmaniston hududlaridan o‘tib, Orol dengiziga quyiladigan Amudaryoning uzunligi 2,4 ming kilometrni tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi ma’lumotlarida keltirilishicha, 2023 yilda Amudaryo suvidan eng ko‘p Turkmaniston foydalangan (daryo suvining 42 foizi – aholi jon boshiga 6741,7 metr kub). Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston (38,4 foiz) va Tojikiston (19,8 foiz). Afg‘oniston bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas, lekin ro‘yxatda 4-o‘rinni egallab turibdi.


Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, O‘zbekiston suvni tejashga allaqachon kirishgan va matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi 2025 yilda ba’zi ishlarni amalga oshiradi.

“Nasos stansiyalari modernizatsiya qilinadi, 570 kilometr magistral kanallar va 15 ming kilometr ichki xo‘jalik tarmoqlari betonlanadi, bu esa suv yo‘qotishlarini kamaytiradi. Shuningdek, suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan umumiy maydonlar 2,4 million gektarga yetkaziladi. Soha raqamlashtiriladi va shu yilning o‘zida qishloq xo‘jaligida 10 milliard kubometr suv tejashga erishiladi”, deydi QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, Suyunovga ko‘ra, 30 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat ko‘rsatayotgan DSXMK mintaqada suv resurslarini davlatlar o‘rtasida nizolarsiz taqsimlamoqda.

Aftidan, Amudaryoning quyi oqimidagi davlatlar taqchillikni suvni maksimal tejash va undan foydalanishni modernizatsiya qilish yo‘li bilan “hal qilish”ga urinadi. Lekin iqtisodining asosiy bo‘g‘inini qishloq xo‘jaligi tashkil etadigan mazkur davlatlar uchun tejamkorlik oson bo‘lmasligi mumkin. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, global muammoga aylanayotgan chuchuk suv taqchilligiga nafaqat hukumatlar, balki odamlar ham jiddiy qarashi va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Suv xo'jaligi vazirligi Amudaryo Qo'shtepa DSXMK OQXJ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing