Rossiyalik bloger hibsga olindi. U ertaga Toshkentda konsert berishi kerak edi

Olam

image

Rossiya Tergov qo‘mitasi bloger Yelena Blinovskayaga nisbatan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Mazkur ish doirasida Blinovskaya Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi. Aytilishicha, u ertaga, 28 aprel kuni Toshkent shahrida konsert berishi kerak bo‘lgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bloger 918 million rubl (128 milliard 226 million so‘mdan ziyod) soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumonlanib, Belarus bilan chegara yaqinida qo‘lga olingan. Unda Moskva-Toshkent reysi uchun aviachiptalar bo‘lgan.

Blinovskaya 28 aprel kuni O‘zbekistonda “To‘rtinchi o‘lchov” seminarida nutq so‘zlashi kerak edi. Bloger konserti uchun chiptalar narxi 1 million so‘mdan 8,8 million so‘mgacha narxda sotilgan. Mazkur tadbirning bekor qilinish yoki qilinmasligi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Qayd etish joiz, 2016 yilda Blinovskaya “Rossiya xonimi” nomli xalqaro go‘zallik tanlovida g‘olib chiqqan. 2018 yilda u eri va bolalari bilan Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Keyin u o‘zining “Orzular marafoni” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mazkur proyekt blogerni butun Rossiya va unga qo‘shni davlatlarda taniqli shaxsga aylantirgan. O‘zbekistonda qo‘yilishi kerak bo‘lgan konsert ham aynan shu marafon doirasida edi.

Blinovskayaning qayd etishicha, ikki oylik kurs yakunida ishtirokchilar psixologik muammolarga dosh berishni o‘rganadi va hayotlarini yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun aniq harakatlar qilishni boshlaydi. Ayrim ishtirokchilar uning chiqishlarini tanqid ostiga olib, yangi ma’lumotlarni taqdim etmasdan, boshqa mutaxassislarning shaxsiy o‘sish treninglarining mazmunini takrorlashini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

bloger Elena Blinovskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing