Rossiyaga qarshi YeI sanksiyalarining 11-paketi kuchga kirdi. U O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi

Olam

image

21 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan cheklovchi choralarni yanada qattiqroq va kuchliroq qilish uchun yangi sanksiyalar paketini qabul qildi va u bugun, 23 iyundan kuchga kirdi. Bu haqda Yevropa kengashi saytida chop etilgan bayonotda ma’lum qilindi.

Aytilishicha, Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushida Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksini bevosita qo‘llab-quvvatlovchilar ro‘yxatiga 87 ta yangi sub’ekt qo‘shilgan. Yangi paketda Rossiya va Eron sub’ektlaridan tashqari, endilikda O‘zbekiston, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Suriya va Armanistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar ham qamrab olingan. Biroq xabarda aynan qaysi kompaniyalar “qora ro‘yxat”dan joy olgani ochiqlanmagan.

Shuningdek, yangi sanksiyalar "Sargrad", RT Balkan, "Oriental Review", "New Eastern Outlook", "Katexona" nashrlariga ham qo‘llangan. Mazkur ommaviy axborot vositalari Rossiya rasmiylarining bevosita yoki bilvosita nazorati ostida bo‘lib, ular Yevropa Ittifoqi va qo‘shni mamlakatlardagi fuqarolik jamiyatiga qaratilgan doimiy va kelishilgan tashviqot faoliyati uchun foydalanilgani bildirilgan.

Bundan tashqari,Yevropa Ittifoqi Rossiyadan tirkama va yarim tirkamalarning kirib kelishi, “Drujba” neft quvurining shimoliy tarmog‘i orqali Germaniya va Polshaga yetkazib berilishini, Rossiya Federatsiyasiga elektr komponentlari, yarim o‘tkazgichlar, optik qismlar, navigatsiya asboblari va ba’zi metallarni import qilishni va Rossiya qurollari uchun 15 toifadagi komponentlarni eksport qilishni taqiqlagan. Shveysariya ham yuqori texnologiyali mahsulotlarga eksport cheklovlariga qo‘shilgan.

Shu bilan birga sanksiyalar paketiga ko‘ra, Rossiyaga dvigatel hajmi 1,9 litrdan ortiq bo‘lgan yangi va ishlatilgan avtomobillarni, shuningdek, elektromobillar va duragaylarni yetkazib berishga cheklov qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Evropa Ittifoqi sanktsiya Ukraina 11-paket

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made