Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelinayotgan qo‘ziqorinda kuchli radiaktiv modda aniqlandi
Olam
−
19:13 713 1 daqiqa
Rossiyaning Domodedovo aeroportida O‘zbekistonga uchib kelayotgan 32 yoshli yo‘lovchining yukidan tarkibida radioaktiv modda bo‘lgan 31 kilogramm quritilgan oq qo‘ziqorin topildi. Bu haqda Rossiya bojxona xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi umumiy og‘irligi 31 kilogramm bo‘lgan qutini bagajga topshirgan. Yukni tekshirish vaqtida radioaktiv va bo‘linuvchi materiallarni aniqlashga mo‘ljallangan “Yantar” tizimi ishga tushgan.
Bojxona xodimlari qutini ochib, unda ishlab chiqaruvchi korxonaning qadoqlariga joylangan quritilgan oq qo‘ziqorinlarni topgan. Maxsus radiometr-spektrometr yordamida o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvda mahsulotdagi tabiiy radiatsiya foni me’yordan 10 baravardan ko‘proq yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, tarkibida seziy-137 radionuklidi borligi qayd etilgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Rossiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati – Rospotrebnadzorga xabar berilgan. Idora qarori bilan qo‘ziqorinlar ko‘mib tashlanishi lozim bo‘lgan radioaktiv chiqindi deb topilgan.
Shuningdek, mahsulotni ishlab chiqargan korxonaga nisbatan choralar ko‘rilgan. Quritilgan oq qo‘ziqorinlar uchun berilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi muvofiqlik deklaratsiyasi bekor qilingan, ushbu hujjat asosida mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Xitoydan yuborilgan qariyb 25 kg narkotikni qabul qilib olayotganlar qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi