Rossiyadan O‘zbekistonga avtobusda qaytmoqchi bo‘lganlar firibgarlardan ogohlantirildi

Jamiyat

−

image

Rossiyadan O‘zbekistonga avtobusda qaytmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarga “Uzautotrans Service” nomidan soxta chipta sotib, ularni noqonuniy avtobuslarga chiqarib yuborayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Transport vazirligi ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlar va YouTube kanallarida “Uzautotrans Service” avtobuslarining foto va videolaridan foydalanib, qatnovlar haqida e’lonlar tarqatmoqda. Ular yo‘lovchilarga davlat tomonidan tashkil etilgan avtobus qatnovlari orqali Toshkentga yuborishlarini aytadi.

Firibgarlar tegishli reyslar uchun kassalarda chipta qolmaganini bahona qilib, yo‘lovchilarga chiptalarni faqat o‘zlaridan sotib olishni taklif qiladi. Bunda chiptalar belgilangan narxdan bir necha barobar qimmatga sotiladi. Bunday chiptalarni sotib olgan yo‘lovchilar esa noqonuniy faoliyat yurituvchi avtobuslarga chiqarib yuborilmoqda.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, “Uzautotrans Service” avtobuslari Moskva shahridagi “Novoyasenevskaya” va “Kotelniki” avtostansiyalaridan Toshkent avtovokzaliga haftaning dushanba va payshanba kunlari qatnaydi. Chiptalarni ushbu avtostansiyalar kassalaridan, shuningdek, avtostansiyalarning mobil ilovalari va rasmiy saytlari orqali onlayn xarid qilish mumkin.

Doimiy qatnovlar uchun chipta narxi 8 500 rublni, shu kunning o‘zida tashkil etiladigan qo‘shimcha reyslar uchun esa 7 000 rublni tashkil etadi.

Transport vazirligi fuqarolarni firibgarlarning soxta e’lonlariga ishonmaslikka va chiptalarni faqat rasmiy manbalar orqali xarid qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing