Rossiyadan olib kelingan fuqarolar karantin hududidan qochdi
Jamiyat
−
22 mart 2020
25454O‘zbekistonda karantin qoidalariga rioya qilmagan 7 kishi javobgarlikka tortildi. O‘zbekistonda koronavirus tarqalgandan shu kunlarda Rossiyadan olib kelingan va karantinga joylashtirilgan uch kishi tartiblarga rioya qilmay, karantin hududidan qochgan va boshqalarga xavf tug‘dirgan. Ularga esa qilmishlari ortidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Ma’lumki, ikki kun davomida karantinga olingan fuqarolar karantin hududlaridan qochishga uringani haqida xabarlar tarqaldi. Davlat rahbari ham ushbu holatni qattiq tanqid qilib, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi. Karatinda o‘tirmay, ko‘chalarda yurgan odamlar kasallikni tarqatuvchi hisoblanishini aytdi. Vazir bu haqda gapirarkan shunday deydi:
“Ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etmoqda.
Misol uchun, 2020 yilning 16 mart kuni Janubiy Koreya respublikasidan Moskva shahriga va u yerdan poyezdda Samarqand shahriga kelgan, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Ashurov kuzatuvga olinib, Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ushbu fuqaro 20 mart kunidan 21 mart kuniga o‘tar kechasi epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan kasalxonadan qochib ketganligi aniqlangan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyati, Denov tumanida ushlanib, umumiy karantinga joylashtirilgan.
Joriy yilning 18 mart kuni Moskva shahridan poyezdda Toshkent shahriga kelgan, 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro T.Eshov ham kuzatuvga olinib, Samarqand tumanidagi “Do‘stlik” oromgohiga karantinga joylashtirilgan. T.Eshov ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan 20 mart kunidan 21 mart kunga o‘tar kechasi karantir zonasidan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasidan T.Eshov Toshkent viloyati, Parkent tumani, Zarkent mahallasidagi yashash xonadonida ushlangan.
Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi poyezd orqali 19 mart kuni Qoraqalpog‘ison Respublikasiga kirib kelgan, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Ravshanov kuzatuvga olinib, Nukus shahridagi kasalxonaga karantinga joylashtirilgan. Biroq, ushbu fuqaro ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, 21 mart kuni kasalxonadan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida u Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Zarchabek mahallasidagi yashash uyida ushlanib, karantinga olindi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,2571-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, karantin bilan bog‘liq mavjud tartiblar va sanitariya cheklovlarini buzganligi uchun hozirgi vaqtga qadar 4 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Xorazm viloyatining Xiva shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Taxirov mast holda bo‘lgan fuqaroning yerda yotgan holatini uyali telefoni orqali videotasvirga tushirib, ushbu fuqaroni koronavirus infeksiyasiga chalingan, deb aholi orasida vahimaga sabab bo‘luvchi ma’lumotlarni internet tarmog‘i orqali tarqatib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 million 115 ming so‘m miqdoridagi jarima jazosi belgilandi”, deydi vazir.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi har qanday kuchli choralar ko‘rilmasin, taqiqlar qo‘yilmasin, agar odamlar hamjihat bo‘lib, davlatni qo‘llab-quvvatlab, ushbu kasallikning ommaviy tarqalmasligiga o‘z hissasini qo‘shmas ekan, kasallik kundan kun keng ommaga yoyilib boraveradi. Vazir so‘zida davom etarkan, buni yana bir bor eslatdi:
“Bugungi vaziyatda har bir fuqaroning axloq-odob mezonlarini unutmasligi, sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilishi, o‘zini va yaqinlarini kasallikdan himoya qilishning eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini har bir fuqaro yodda tutishi zarur.
Tibbiy-profilaktik tadbirlar doirasida joylarda fuqarolar yig‘inlari raislari, profilaktika inspektorlari va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Joriy yilning 22 mart kunidan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatilishi to‘g‘risidagi qarorni ham epidemiyaga qarshi kurash borasidagi kechiktirib bo‘lmas choralardan biri sifatida qabul qilish lozim.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma’lumotlarni tarqatayotgan akkauntlarni aniqlash va ularning egalariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish ishlari ham olib borilayotganligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Eng muhimi, bugungi vaziyatda har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondoshib, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.
Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish o‘zimiz va oila a’zolarimiz hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrash borasidagi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini unutmaylik”.
Eslatib ўтамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 42 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi