Rossiyadan olib chiqish vaqtincha taqiqlangan tovarlar ro‘yxati belgilandi
Olam
−
10 mart 2022
21759Bugun, 10 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatga avval xorijdan olib kelingan, olib chiqish vaqtincha taqiqlangan tovarlar va jihozlar ro‘yxatini belgiladi. Bu haqda Hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
“Ro‘yxatga texnologik, telekommunikatsiya, tibbiy asbob-uskunalar, avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, elektr jihozlari – jami 200 dan ortiq nomdagi, jumladan, temir yo‘l vagonlari va lokomotivlari, konteynerlar, turbinalar, metall va toshni qayta ishlash mashinalari, monitorlar, proyektorlar, pult va panellar", deyiladi bayonotda.
Cheklov 2022 yil oxirigacha amal qiladi.
"Ushbu chora Rossiya bozorida barqarorlikni ta’minlash uchun zarur", deb ta’kidlamoqda Vazirlar Mahkamasi. Qaror Prezidentning “Rossiya Federatsiyasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida maxsus iqtisodiy chora-tadbirlarni qo‘llash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini bajarish maqsadida qabul qilingan.
YeOII, Abxaziya va Janubiy Osetiya uchun istisno
Vazirlar Mahkamasida ta’kidlanganidek, "ushbu tovarlarning eksporti vaqtincha barcha xorijiy davlatlarga cheklangan", Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) davlatlari, (tan olinmagan) Abxaziya va Janubiy Osetiya bundan mustasno.
“Istisno holatlari uchun hukumatning alohida qarori bilan tasdiqlangan eksportga ruxsat berish tartibi amal qiladi”, deyiladi bayonotda.
Aniqlanishicha, YeOII mamlakatlariga, (tan olinmagan) Abxaziya va Janubiy Osetiyaga tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalar Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi, Raqamli rivojlanish vazirligi va Tabiiy resurslar vazirligi tomonidan beriladi.
Prezident farmoni
Joriy yilning 8 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan 2022 yilda hukumat belgilashi kerak bo‘lgan ro‘yxatlar bo‘yicha mamlakatdan eksport va unga ayrim mahsulot va xomashyo importini cheklash yoki taqiqlash haqida ko‘rsatma bergan edi. Shu bilan birga, belgilangan chora-tadbirlar fuqarolar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib o‘tiladigan yuklarga taalluqli emasligi belgilandi.
Hukumatga ikki kun muddatda mazkur qarorlar ta’sir o‘tkazuvchi xorijiy davlatlar ro‘yxatini aniqlash topshirildi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga mahsulotlarning ayrim turlariga hamda ayrim yuridik yoki jismoniy shaxslarga nisbatan farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash vakolati ham yuklangan.
Yangi qarorlar Rossiya Federatsiyasi Prezidentining oldingi farmonlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarga qo‘shimcha ravishda qabul qilindi. Unga ko‘ra, ilgari AQSH va ularga qo‘shilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nodo‘stona xatti-harakatlari munosabati bilan maxsus iqtisodiy chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, Rossiyaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun iqtisodiy xarakterdagi vaqtinchalik choralar ishalb chiqildi.
Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu farmonni quyidagicha sharhlagan:
“Rossiya Federatsiyasiga turli ishlab chiqarish zanjirlari uchun ko‘plab materiallar va xomashyolar olib kelingan, ba’zi kompaniyalar o‘z shartnomalarini bajarishni cheklamoqda va bunday materiallarni mamlakatdan olib chiqishga taqiq joriy etilgan”.
LiveBarchasi