Rossiyadagi YTHda halok bo‘lganlar O‘zbekistonga qaytariladi
Olam
−
12 noyabr
5324Avvalroq, Rossiyaning Penza viloyatida ichida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan mashina yo‘l-transport hodisasiga uchragani, halok bo‘lganlarning bir nafari O‘zbekiston fuqarosi, qolgan ikki nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ikki marhumning biri ham O‘zbekiston fuqarosi ekani tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, marhum ikki o‘zbekistonlik 1980 yilda tug‘ilgan R.I.E. hamda 1996 yilda tug‘ilgan B.X.T. ismli shaxslar ekani aniqlangan.
Shuningdek, tor soha mutaxassislari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida turli jarohatlar olgan yana 2 nafar O‘zbekiston fuqarolari Kuznetsk tumanlararo shifoxonasidan Penza shahar 6-Markaziy klinik shifoxonasiga ko‘chirilgan.
“Tibbiyot muassasasining shifokorlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, doimiy aloqa o‘rnatilib, ahvoli bo‘yicha muntazam ravishda ma’lumot olinmoqda”, deyilgan xabarda.
Bosh konsulxona hozirgi paytda jasadlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur rasmiylashtirish ishlari yakunlanayotganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari mazkur masala bo‘yicha Qozon shahridagi Bosh konsulxona vakillari bilan +7 993-420-05-69, +7-843 526-55-63, +7-843 526-55-64, +7-843 526-55-65 telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin.
Ma’lumot uchun, ushbu yo‘l-transport hodisasi 10 noyabr kuni soat 4:00 da Penza viloyatidagi M-5 Ural federal avtomagistralining 738-kilometrida sodir bo‘lgan. Buning oqibatida uch kishi voqea joyida halok bo‘lib, ikki kishi tibbiyot muassasasiga joylashtirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tyumen viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 55 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. Yuk mashinasining 24 yoshli haydovchisi jarohatlangandi.
LiveBarchasi