Rossiyadagi namoyishlar hibsga olishlar bilan tugadi. Moskva Vashingtonga norozilik bildirdi
Olam
−
31 yanvar 2021
11520Bugun, 31 yanvar kuni Rossiya shaharlarida muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlab uyushtirilgan namoyishlarda 4000 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda “OVD-Info” ma’lum qilgan.
Namoyishchilarni hibsga olish bo‘yicha Moskva yetakchilik qilgan. Poytaxtda 1080 kishi ushlangan. Keyingi o‘rinni 796 kishi qo‘lga olingan Sankt-Peterburg va uchinchi o‘rinni Krasnoyarsk (194) egallagan.
Norozilik namoyishlari vaqtida jumladan 82 nafar jurnalist ham hibsga olingan. Bu haqda Jurnalistlar kasaba uyushmasi vakili Soya Rusova ma’lum qilgan.
“Ulardan ba’zilari qo‘yib yuborilgan, ammo aniqlar ma’lumotlar mavjud emas”, degan u. Moskvada 21 nafar, Peterburgda 10 nafar jurnalist hibslangan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, Moskvada bugungi namoyishlarda 2 ming kishi qatnashgan.
AQSHning Rossiyadagi elchixonasi namoyishlar vaqtida ko‘plab odamlar qo‘lga olinayotganidan xavotirda ekanini ma’lum qildi.
“Aleksey Navalniyni qo‘llab o‘tkazilayotgan namoyishlarda Rossiya hukumati ko‘plab faollar va jurnalistlarni qo‘lga oldi. Rossiyani inson huquqlari talabini bajarishga chaqiramiz”, deyilgan elchixona bayonotida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘p kuttirmay, bu postga ham munosabat bildirdi.
“Siz jon kuydirib oqlayotgan namoyishlar noqonuniy hisoblanadi. Bunaqa ishlarda Amerikaning o‘zida nima qilishlarini bilasizmi? Odamlarga o‘q uzishadi. Ikkiyuzlamachilik sizning hayot tarzingizga aylangan, desak bo‘larkan-da?”, deyilgan Rossiya TIVning keskin izohida.
Ma’lumot uchun, bugungi namoyishlar vaqtida muxolifatchi Aleksey Navalniyning turmush o‘rtog‘i Yuliya ham hibsga olindi.
Eslatib o‘tamiz, 23 yanvarda ham Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun aksiya o‘tkazilgandi. Mitingda rekord darajada ko‘p – 4 mingdan ortiq odam hibsga olindi va 20 dan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi