Rossiyadagi migrantlar farzandi sabab ham mamlakatdan haydalishi mumkin

Olam

image

Bugun, 5 fevral kunidan boshlab Rossiyada qoida buzgan migrant bolalarning ota-onalariga nisbatan choralar kuchga kirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, xorijliklarning voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada qolishi nomaqbul deb topilsa, ota-onalarning mamlakatda bo‘lishi ham cheklanadi. Demak, chet el fuqarosining farzandi mamlakatda qolish qoidalarini buzsa, nafaqat bola, balki ota-onasi ham deportatsiya qilinadi.

Bildirilishicha, chet el fuqarosining Rossiyada bo‘lishini istalmagan deb hisoblash to‘g‘risidagi qaror mamlakatga kirishda huquqbuzarliklar, hujjatlar yo‘qligi yoki yo‘qolishi, ruxsat etilgan muddat tugaganidan keyin mamlakatni tark etishdan bo‘yin tovlash, shuningdek, ushbu shaxs davlat xavfsizligi, jamoat tartibi yoki sog‘lig‘iga tahdid soladigan hollarda qabul qilinishi mumkin.

“Ushbu asoslar ro‘yxatiga chet ellik konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga tahdid soladigan holatlar ham kiradi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mamlakatda nomaqbul deb topilgan chet elliklar belgilangan muddat ichida mamlakatni tark etishlari kerak, aks holda ular deportatsiya qilinadi.

Ma’lumot uchun, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 2024 yilning boshiga 1,9 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ular soni 1,34 mln kishini tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ta’lim vazirligi migrantlarning farzandlari maktablarga qabul qilinishidan oldin rus tili bo‘yicha majburiy test topshirishi kerak bo‘lgan tartibni ishlab chiqqandi. Agar bola imtihondan o‘ta olmasa, ota-onalar uni qo‘shimcha tayyorgarlikka yuborishi shart bo‘ladi. Buning xarajatlari ota-onalar zimmasiga yuklatiladi. Agar ushbu talab bajarilmasa, ota-onalarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif qilingandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing