Rossiyada farzandi rus tilini o‘rganmagan migrantlar jarimaga tortilishi mumkin
Olam
−
01 fevral 2025 3438 2 daqiqa
Rossiya Ta’lim vazirligi migrantlarning farzandlari maktablarga qabul qilinishidan oldin rus tili bo‘yicha majburiy test topshirishi kerak bo‘lgan tartibni ishlab chiqdi. Agar bola imtihondan o‘ta olmasa, ota-onalar uni qo‘shimcha tayyorgarlikka yuborishi shart bo‘ladi. Buning xarajatlari ota-onalar zimmasiga yuklatiladi. Agar ushbu talab bajarilmasa, ota-onalarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Hujjatni tushuntirish xatida keltirilishicha, majburiy test sinovlari umumta’lim muassasalarida barcha o‘quvchilar uchun teng sharoit yaratish maqsadida joriy etilmoqda. Test sinovlarini o‘tkazish markazlari ro‘yxatini har bir mintaqaning ta’lim boshqarmasi shakllantiradi. Sinovlar davlat va munitsipal umumta’lim tashkilotlarida bo‘lib o‘tadi.
Testdan o‘ta olmagan bolalarga ota-onalar hisobidan kamida uch oy davom etadigan qo‘shimcha ta’lim dasturlarida qatnashish tavsiya etiladi. Agar testdan yiqilgan bola bir oy ichida qo‘shimcha ta’limga yuborilmasa, vasiylik organlari oilaning yashash sharoitini tekshiradi va ota-onalarni farzandining ta’limi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
Bolalar uchun majburiy rus tili testini joriy etish tashabbusi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin boshchiligidagi guruh tomonidan ilgari surilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, migrant bolalarning 41 foizi rus tilini bilmaydi yoki juda yomon biladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Davlat dumasi 2024 yil 10 dekabr kuni ushbu tashabbusni bir ovozdan ma’qullagan edi.
Live
Barchasi