Rossiyadagi kafeda migrantlar yana kaltaklandi (video)
Olam
−
30 aprel 12038 2 daqiqa
Rossiyaning Moskva shahridagi kafelardan birida migrantlar mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan ayovsiz kaltaklandi. Bu haqda “Ozodlik” radiosi xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari so‘nggi bir oy ichida bu yerga uch marta hujum qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari binoga bostirib kirib, tashrif buyuruvchilarni yerga yuztuban yotishga majburlagan va qo‘pol tarzda kuch ishlatgan.
“Kabob sotuvchini qattiq kaltaklashdi. Uning qovurg‘alari va bo‘yniga urishdi. U qo‘llari bilan boshini yopib oldi. Ofitsiantning qovurg‘alari shikastlangan, endi u ishga ham chiqmayapti. U shifokorga borishga majbur bo‘ldi. Hatto mijozlarni ham kaltaklashdi. Keyin politsiya bo‘limiga olib ketishdi. O‘tgan yilning iyun oyidan beri har oyda 2-3 marta muntazam ravishda kelishadi. Iyundagi reydda elektroshoker ishlatishdi. Meni ham do‘pposlashganidan keyin bir necha kun yurolmay qoldim. Ba’zan kuch ishlatishmaydi, ba’zan esa urib, hamma narsani sindirib ketishadi. Shu yilning yanvar oyida kompyuterni sindirib, kassadan pulllarni olib ketishdi”, deydi kafe xodimi.
Ma’lum qilinishicha, xavfsizlik kuchlari binoda o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini ko‘rgach, ularni ham sindirib tashlagan.
Xodimlarning aytishicha, tekshiruv vaqtida politsiya hech qanday qoidabuzarliklarni aniqlamagan.
Hozircha hodisa aniq qachon bo‘lgani ma’lum qilinmagan va davlat rasmiylari tomonidan ham holat bo‘yicha izoh berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazib, migrantlar yarim yalang‘och holatda emaklab yurishga majburlangandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmaganini bildirgandi. 14 aprel kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Almaz Imangaziyev chet mamlakatda o‘z fuqarolarining tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Vazirlik tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgandi va rasmiy nota topshirilgandi. 15 aprel kuni o‘zbekistonlik deputatlar ham Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yuborgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr