Rossiyadagi elchixona o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image
Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi north_east

Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakatda noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklarni huquqiy maqomini zudlik bilan hal qilishga chaqirdi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning farmoniga muvofiq, 2025 yilning 5 fevralidan boshlab mamlakat hududida Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

Ushbu reyestrga migratsiya qonunchiligi sohasida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritiladi. Ular Rossiyadan chiqib ketishi yoki 2025 yil 1 yanvardan 30 aprelgacha bo‘lgan davrda o‘zlarining huquqiy maqomlarini hal qilish uchun o‘zlari istiqomat qilib turgan joydagi Rossiya IIVning hududiy organiga yoki “PVS” (pasportno-vizoviy servis) federal davlat unitar korxonasining filialiga murojaat qilishi kerak.

Shu bilan birga, Moskva shahrida joylashgan chet elliklar uchun “Saxarovo” ko‘p funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilish talab etiladi.

Elchixona xabariga ko‘ra, Rossiya tomoni amnistiya davrida ushbu farmonga binoan chet el fuqarolariga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalarga joylashtirish va keyinchalik uning hududiga kirishni cheklash bilan bog‘liq choralar qo‘llanmasligini ta’kidlamoqda.

Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:

  1. ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
  2. nikoh tuzish;
  3. yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
  4. bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;
  5. transport vositalarini boshqarish.

Shuningdek, Rossiya hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni ta’lim muassasalariga (maktablar va bolalar bog‘chalari) qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.

Ushbu davlatda bo‘lgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining huquqiy maqomini Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida tekshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yilning 19 dekabr kuni “Vladimir Putin bilan yil natijalari” dasturida Rossiyaga kelayotgan migrantlar o‘zlari yashayotgan davlatni hurmat qilishlari uchun ularga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish kerakligini aytgandi. Putinning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo aholisi Rossiyada ishlash uchun o‘qitilishi kerak. U yerda rus maktablari ochilishi, madaniyat va til o‘rgatilishi zarur.


Maqola muallifi

Teglar

Putin o'zbekistonliklar Rossiyadagi elchixona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing