Rossiyadagi aviahalokatda hech kim omon qolmadi

Olam

image

Bugun, 24 iyul kuni Rossiyaning Amur viloyatida “Angara” aviakompaniyasining An-24 yo‘lovchi samolyoti halokatida hech kim omon qolmadi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi va Amur viloyati gubernatori Vasiliy Orlov ma’lum qildi.

Gubernator  mintaqada 27 iyulgacha davom etadigan uch kunlik motam e’lon qildi.

“Ushbu dahshatli fojia 48 kishining hayotiga zomin bo‘ldi”, deya qo‘shimcha qildi viloyat rahbari.

Samolyot bortida 43 yo‘lovchi, jumladan besh nafar bola va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Xabarovsk-Blagoveshchensk-Tinda yo‘nalishida uchayotgan An-24 samolyoti mahalliy vaqt bilan taxminan 13:00 da Tinda shahriga qo‘nishga ikkinchi marta yaqinlashgan, shundan so‘ng u bilan aloqa uzilgan.

“An-24 ekipaji havoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida signal bermadi”, deyiladi favqulodda xizmatlar xabarida.

Samolyotni qidirish uchun qutqaruv vertolyoti yuborilgan, u samolyotning yonayotgan fyuzelyajini aniqlagan. Qutqaruvchilar qiyin relef sharoiti tufayli halokat joyiga qo‘na olmadi.

Favqulodda vaziyatlar xizmatining ma’lum qilishicha, ekipajning ko‘rish imkoniyati yomonlashgan holda qo‘nish vaqtidagi xato halokat versiyasi sifatida ko‘rilmoqda. Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, An-24 halokatining asosiy versiyalari samolyot nosozligi va inson xatosi. Tergov qo‘mitasi uch nafardan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan havo kemasining harakatlanishi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi) moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda.

Halokatga uchragan samolyot deyarli 50 yil avval Kiyevdagi “Aviant” aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan. 2021 yilda samolyotning parvozga yaroqlilik sertifikati 2036 yilgacha uzaytirildi. Aviakompaniyaning ta’kidlashicha, samolyot parvozdan oldin zarur tekshiruvlardan o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyun kuni Air India aviakompaniyasining AI171 reysi bo‘yicha Ahmadoboddan Londonga yo‘l olgan Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Gujaratdagi Ahmadobod aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchragan edi. Samolyot bortida 242 kishi – 230 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot tibbiyot kolleji yotoqxonasiga borib urilib, turarjoy hududiga qulagandi. Qurbonlar bortdagilar va shahar aholisi bo‘lgan. 270 dan ortiq odam vafot etgandi.

21 iyul kuni esa Bangladesh poytaxti Dakkada Harbiy-havo kuchlarining F-7 samolyoti halokatga uchrab, kollej va maktab kampusiga quladi. Fojia oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi, ularning 25 nafar bolalar.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Amur Angara An-24

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing