Rossiyada yana besh kishi “xorijiy agent” deb e’lon qilindi
Olam
−
13 aprel
7641Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi yana besh kishini “xorijiy agentlar” reyestriga kiritdi. Bu haqda vazirlik saytida ma’lum qilindi.
Ushbu ro‘yxatga jurnalistlar – Ilya Barabanov, Asya Kazanseva va Ivan Filippov, huquq himoyachisi Ivan Astashin, “Yabloko” partiyasi deputati Nikolay Kuzmin kiritilgan.
Shuningdek, 2023 yilning yozida chet el agenti sifatida tan olingan jurnalist Andrey Karaulov tomonidan tashkil etilgan "Inoagent AVK" MCHJ ham kiritilgan.
“Meduza” nashriga ko‘ra, yaqinda Denis Korotkov bilan hammualliflik qilgan Ilya Barabanov “Vagner” haqidagi kitobini nashr etgan. Adliya vazirligining rasmiy saytidagi bayonotda aytilishicha, jurnalist urushga qarshi chiqqan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan qabul qilingan qarorlar va ular olib borayotgan siyosat haqida "noto‘g‘ri ma’lumot" tarqatgan.
Rossiyada "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun
Rossiyada "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiq ro‘yxatiga kiritilgan.
Jismoniy shaxslar – “xorijiy agentlar” reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan. 2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun "chet eldan yordam oladigan" va "xorijiy ta’sir ostida" bo‘lganlarni "xorijiy agentlar" deb e’lon qilish imkonini berdi.
2024 yil fevral oyining oxirida Davlat Dumasi “xorijiy agentlar” reklamasini taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, tashkilotlarga Rossiya rasmiylari tomonidan “xorijiy agent” deb tan olingan har qanday shaxsni reklama qilish va ularning resurslarida o‘zini reklama qilish taqiqlanadi.
Taqiqni buzganlik uchun jismoniy shaxslar uchun 50 ming rublgacha va yuridik shaxslar uchun 500 ming rublgacha jarima solinadi.
11 mart kuni Rossiya Prezidenti Putin Rossiya fuqarolari va kompaniyalariga “xorijiy agentlar” resurslarida – ularning veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarida, bloglarida va boshqa platformalarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.
Hujjat, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va internetda “xorijiy agentlar”ning o‘z resurslarini reklama qilishni taqiqlaydi.
2 aprel kuni “xorijiy agentlar”ning saylovlarda ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasi Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
LiveBarchasi