Rossiyada WhatsApp to‘liq bloklanishi mumkin
Olam
−
29 noyabr 2025 2334 2 daqiqa
WhatsApp Rossiya qonunchiligi talablarini bajarishni davom ettirmasa, u Rossiyada butunlay bloklanadi. Bu haqda Rossiya aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat (Roskomnadzor) xabar berdi.
Roskomnadzor WhatsApp messenjeriga nisbatan cheklov choralarini kuchaytirayotganini bildirgan. Bunga sabab sifatida platforma Rossiya hududida jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan talablarni bajarmayotgani ko‘rsatilgan.
Roskomnadzor’ning ma’lum qilishicha, messenjer Rossiya qonunlarini buzishda davom etmoqda. Federal xizmat versiyasiga ko‘ra, WhatsApp Rossiyada sodir etilgan terrorchilik hujumlarini tashkil qilish va ularning ijrochilarini yollash, shuningdek, “fuqarolarga qarshi firibgarlik va boshqa jinoyatlar” uchun qo‘llanilmoqda.
“Cheklovlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, bu foydalanuvchilarga boshqa messenjerlarga o‘tishga imkon beradi. Agar messenjer Rossiya qonunchiligi talablarini bajarmasa, u to‘liq bloklanadi”, deyiladi xabarda.
WhatsApp’dagi qo‘ng‘iroqlar sifati asta-sekin yomonlashishi avgust oyida boshlangan edi. Oktyabrda Roskomnadzor messenjer ishini qisman cheklaganini va buni jinoyatchilarga qarshi kurash zarurati bilan izohlagan edi. Kecha, 28 noyabr kuni ham WhatsApp ishlashida uzilishlar paydo bo‘lgan. Eng ko‘p shikoyatlar Moskva shahridan kelgan. Xabar yuborishning sekinlashuvi, ayniqsa foto, video va audio jo‘natishda muammolar qayd etilgan.
WhatsApp Rossiyadagi eng mashhur messenjerlardan biri. Google Play’da u “Aloqa” toifasidagi ilovalar orasida beshinchi o‘rinda turadi. Mediascope’ning 2025 yil oktyabr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada WhatsApp auditoriyasi 96,2 million kishini, Telegram esa 91 millionni tashkil qiladi.
WhatsApp’ning Rossiyada bloklanishi ehtimoli 2024 yildan beri muhokama qilinib kelinmoqda.
Davlat Dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Sergey Boyarskiy o‘tgan yilning dekabr oyida WhatsApp’ning bloklanishi haqidagi gap-so‘zlarni “mish-mish” deb atab, messenjer kelajagi borasida ehtiyotkor bo‘lib fikr bildirishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada WhatsApp va Telegram yangi foydalanuvchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishni cheklash boshlangandi. Rossiya mobil operatorlariga WhatsApp va Telegramʼning yangi foydalanuvchilari uchun SMS va qo‘ng‘iroqlarni uzatishni to‘xtatish talabi berilgan.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025