Rossiyada vafot etgan ozarbayjonliklar ayovsiz kaltaklangan bo‘lishi mumkin
Olam
−
01 iyul 8488 2 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida qo‘lga olingach vafot etgan ozarbayjonlik Ziyoddin va Husayn Safarovlarning tanasida ko‘plab tan jarohatlari – burun sinishi, ko‘krak qafasi deformatsiyasi, gematomalar va ko‘karishlar qayd etilgan. Bu haqda Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sud-tibbiy ekspertiza bo‘limi rahbari Adolyat Gasanov matbuotga bergan bayonotida ma’lum qildi.
Ozarbayjon ekspertlariga ko‘ra, Ziyoddin Safarov “ko‘plab jarohatlar tufayli yuzaga kelgan travmatik shok”dan, uning ukasi Husayn esa “travmatik va gemorragik shok” – ya’ni kuchli qon yo‘qotilishi oqibatida vafot etgan.
Gasanovning aytishicha, aynan ikkinchi marotaba o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi Rossiya tomoni bergan xulosalar bilan bir-biriga zid bo‘lgan. Rossiya ekspertlari o‘lim sababini yurak yetishmovchiligi deb ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ozarbayjonlik mutaxassislar keng tarqalgan tan jarohatlarini aniqlagan. Bu esa aka-ukalar Rossiya kuchlari tomonidan qiynoqqa solinganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Shundan so‘ng, Rossiyaning Baku shahridagi vaqtincha ish yurituvchisi Pyotr Volokov Ozarbayjon TIVga chaqirilgan. Rossiya TIV rasmiylari esa bu qo‘lga olishlar ilgari sodir etilgan og‘ir jinoyatlar yuzasidan tergov doirasida olib borilganini tushuntirgan. Ammo keyinchalik vaziyat yanada keskin tus oldi. 30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi Baku shahridagi “Sputnik Ozarbayjon” nashriyoti ofisida tekshiruv o‘tkazgan hamda nashrda ishlagan ikki xodim Rossiya agentlari bo‘lib chiqqanini xabar qilgan. Bu orada Rossiya ham harakatga keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni rasmiy ravishda chaqirtirgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan.
Live
Barchasi