Rossiyada o‘zbekistonliklar endi xitoyliklar bilan mushtlashdi (video)
Olam
−
22 may
11366Joriy yilning 19 may kuni Rossiyaning Krasnoyarsk shahri Leninskiy tumanida qurilish tashkiloti xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Bu haqda Krasnoyarsk politsiya xizmati xabar berdi.
“112 Krasnoyarsk” Telegram-kanali bergan ma’lumotga ko‘ra, mojaro Xitoyning “CRCC Rus” (China Railway Construction Corporation Limited) qurilish kompaniyasida ishlayotgan Xitoy va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida kelib chiqqan.
Rasmiylarga ko‘ra, to‘qnashuvda kamida to‘rt kishi tan jarohati olib, tibbiy yordamga murojaat qilgan. 25 nafar ishtirokchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 115-moddasi 2-qismi (yengil tan jarohati yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Rasmiylar mojaroning aniq sababini hali ochiqlamagan, ammo dastlabki versiyalarga ko‘ra, kelishmovchilik maishiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan. Qurilish kompaniyasi hozircha hodisa yuzasidan izoh bermagan va mojaro ishtirokchilarining ish joyi bo‘yicha ma’lumotni tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Primorsk o‘lkasida joylashgan Arsenev shahridagi qurilish maydonida Shimoliy Koreya va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgan edi.
LiveBarchasi