Rossiyada o‘zbekistonlik yigit “voyenkomat”ni yoqib yuborishga urindi
3-sahifa
−
12 avgust 2023 10740 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 24 yoshli o‘zbekistonlik yigit harbiy komissariat binosini yoqib yuborishga urinishda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, yigit harbiy komissariat binosini suratga olayotganida huquq-tartibot idoralari xodimlarida shubha uyg‘otgan va qo‘lga olinib, tintilganida ryukzakidan bir shisha benzin topilgan.
“Bolshaya Monetnayadagi harbiy komissariyat bo‘limida 1999 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosini ko‘rishgan. U binoni suratga olgan va politsiyachilarni payqab, yashirinishga uringan”, deyiladi xabarda.
Tekshiruv paytida yigitning telefonidan noma’lum qiz tomonidan unga binoni yoqish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar aniqlangan.
Telefon yozishmalarida qiz o‘zbekistonlikka ko‘rishgan paytlarida avvalroq qandaydir administratorga o‘tkazib bergan pullarini qaytarishga va’da bergan. Shuningdek, u yoqilishi kerak bo‘lgan binoning surati va Molotov kokteylini tayyorlash yo‘riqnomasini ham jo‘natgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi paytlarda Rossiyaning turli hududlarida harbiy komissariat binolarini yoqib yuborishga urinish holatlari ko‘paydi. Aksar hollarda bunday harakat ayollar va qariyalar tomonidan sodir etilmoqda. Statistikaga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani va qisman safarbarlik e’lon qilingani natijasida 2022 yil davomida 77 ta holatda harbiy komissarliklarni yoqib yuborishga harakat qilingan. 2023 yilning 26 iyuliga qadar esa Rossiyada kamida 113 ta harbiy ro‘yxatga olish bo‘limi, ma’muriy bino va xavfsizlik kuchlarining idoralariga hujum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 iyul kuni Rossiya bo‘ylab 11 ta shaharda harbiy komissarlik binolarini yoqib yuborishga urinishlar qayd etildi. Shu kuni Moskva viloyatining Podolsk shahrida ikki nafar 80 yoshdan oshgan qariya Molotov kokteyli bilan “voyenkomat”ga hujum qilishga uringan edi. Shuningdek, avvalroq Qozon shahrida harbiy komissarlik binosini yoqib yubormoqchi bo‘lgan o‘quvchi qiz ikki yilga qamalgan edi.
Live
Barchasi