Rossiyada 80 yoshli qariyalar “voyenkomat”ga hujum qildi (video)

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyati Podolsk shahrida ikki nafar nafaqaxo‘r harbiy komissarlik binosiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bu haqda “Ostorojno, Moskva” Telegram-kanali xabar berdi

Qayd etilishicha, kecha, 31 iyul kuni Podolsk shahri Lenin prospektida ikki nafar 80 yoshdan oshgan erkak harbiy ro‘yxatga olish markazi oldida shubhali harakatlarni sodir etgan. Ular avvaliga bino oldida uzoq vaqt turib qolgan, shundan so‘ng qo‘llaridagi telefonlariga tikilib turgan. Birozdan so‘ng qariyalardan biri bino tomon qandaydir jismni uloqtirgan va portlash ovozi eshitilgan. 

Yaqin atrofdagi politsiyachilar zudlik bilan ularni qo‘lga olgan. Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, ular harbiy komissarlik binosini yoqish vazifasini internet orqali olishgan. 

Hozirda holat yuzasidan voqeaning to‘liq tafsilotlarini aniqlash uchun tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir sutkaning ichida Rossiyada harbiy komissarliklarga o‘t qo‘yishga urinishlarning 11 ta holati qayd etilgan. Jumladan, Mojaysk, Rossosh, Qozon, Omsk, Sankt-Peterburg, Kaluga, Kopeysk, Verxnauralsk kabi shaharlarda bunday harakatlar sodir etilgan. Ularning deyarli barchasida telefon orqali harbiy komissarlikni yoqish bo‘yicha buyurtma berilgani aytilgan. Shuningdek, qonunbuzarlik sodir etganlarning asosiy qismi ayollardan iboratligi ma’lum qilingan. 

Statistikaga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani va qisman safarbarlik e’lon qilingani natijasida 2022 yil davomida 77 ta holatda harbiy komissarliklarni yoqib yuborishga harakat qilingan. 2023 yilning 26 iyuliga qadar esa Rossiyada kamida 113 ta harbiy ro‘yxatga olish bo‘limi, ma’muriy bino va xavfsizlik kuchlarining idoralariga hujum qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Qozon shahrida harbiy komissarlik binosini yoqib yubormoqchi bo‘lgan o‘quvchi qiz ikki yilga qamalgan edi. Shuningdek, Moskvada noma’lum erkak Lenin maqbarasini yoqib yubormoqchi bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya hujum qariyalar voenkomat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing