Rossiyada o‘zbekistonlik erkak soxta hujjat tayyorlashda gumonlanmoqda

3-sahifa

image

Rossiyaning Voronej viloyatida 45 yoshli o‘zbekistonlik erkak noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Ichki ishlar vazirligining ekstremizmga qarshi kurash markazi xodimlari va Federal xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmasi tomonidan tergov olib borilgan hamda noqonuniy migratsiya bilan shug‘ullangan guruh faoliyati fosh etilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil iyun oyidan boshlab faoliyat yuritgan ushbu guruhni 45 yoshli O‘zbekiston fuqarosi boshqargan. U mahalliy uch nafar shaxsni – 56 yoshli ayol, 44 yoshli erkak va 73 yoshli nafaqadagi ayolni jalb qilgan.

Ular pul evaziga migrantlar uchun soxta ro‘yxatdan o‘tish hujjatlari tayyorlagan, Voronej shahri va Semiluki hududida vaqtincha yashash bo‘yicha yolg‘on ma’lumotlar kiritgan hamda rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligini bilish bo‘yicha soxta sertifikatlar rasmiylashtirgan. Shuningdek, ular 200 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini Rossiya hududida noqonuniy tarzda legallashtirgan.

Tintuvlar davomida bir nechta kompyuterlar, noutbuklar, planshetlar, mobil telefonlar, fleshkalar, bank kartalari, muhrlar, 23 ta pasport hamda 1000 dan ortiq migratsion hujjatlar nusxalari olib qo‘yilgan.

Hozirda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Voronej shahar bo‘limi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi “a” bandi (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Guruh rahbari hibsga olingan, qolgan uch nafar sherigiga esa ehtiyot chorasi sifatida yashash joyidan chiqmaslik va to‘g‘ri xulq-atvor talabi qo‘yilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaning Ulan-Ude shahridagi qurilish ketayotgan ko‘p qavatli uy binosining 7-qavatidan yiqilib halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik Voronej noqonuniy migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing