Rossiyada o‘quvchi qiz sinfdoshini otib o‘ldirdi
Olam
−
07 dekabr 2023
16900Rossiyaning Bryansk shahri 5-sonli gimnaziyada 8-sinf o‘quvchisi otishma sodir qildi. Bu haqda "Izvestiya" nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
7 dekabr kuni Alina ismli o‘smir qiz maktabga otasining ov miltig‘ini olib kelgan. So‘ngra o‘quv binosining to‘rtinchi qavatiga, biologiya darsi o‘tiladigan xonaga ko‘tarilib, o‘quvchilarga qarata bir-necha marta o‘q uzgan. Oqibatda besh kishi jarohat olgan va 14 yoshli Mariya ismli qiz halok bo‘lgan. Otishma uyushtirgan Alinaning esa o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.
Nashr suhbatdoshlari bunga o‘smir qizning boshlang‘ich sinfidan beri maktabda haqoratlangani sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Davlat Dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn maktab o‘quvchisi o‘q uzgani aytilayotgan qurol suratini e’lon qildi. Unga ko‘ra, otishma “Bekas-3” ov miltig‘idan amalga oshirilgan. Deputat “o‘qotar qurol saqlashga beparvo munosabat” ham ushbu voqea yuz berishining asosiy omili ekanini qo‘shimcha qilgan.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari yordamchisi Aleksey Kuznetsov jabrlanganlardan biri operatsiya qilinayotganini ma’lum qilgan.
"Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashkoning shaxsan o‘zi jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni nazoratga oldi”, degan u.
Ahvoli og‘irligi aytilayotgan ikki nafar o‘quvchi esa vertolyotda davolanish uchun Moskvaga olib ketilgan.
LiveBarchasi