Rossiyada spirtli ichimlikdan zaharlanib vafot etganlar soni 30 nafarga yetdi
Olam
−
06 iyun 2023
5109Avvalroq Rossiyaning turli viloyatlarida “Mister sidr” spirtli ichimligidan zaharlanish oqibatida 20 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergandik. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni yana ortib, 30 nafarga yetgan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Ulyanov viloyatida zaharlanishdan vafot etganlar soni 20 nafarga yetgan.
"Ulyanov viloyati shifokorlari zaharlanishdan jabrlanganlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun qo‘llaridan kelganini qilmoqdalar. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqada alkogolli ichimliklar bilan zaharlanishning 51 ta holati aniqlangan. Afsuski, 20 kishining hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, yana 31 kishi shifokorlar nazorati ostida qolayotgani va ularning ahvoli og‘irligi xabar qilingan. Kasallanganlardan bir nechtasining ahvoli esa yaxshilana boshlagani aytilgan.
Bundan tashqari, Samara viloyatida 7 nafar, Nijniy Novgorodda 2 nafar, Udmurtiyada bir nafar qurbon haqida ma’lumot berilgan. Ijevskda 20 yoshli kollej talabasi shifoxonaga yotqizilgan kunining ertasiga vafot etgan bo‘lsa, 34 yoshli sidr ichganidan so‘ng komaga tushib qolgan. Ularning ikkoviga ham metanoldan o‘tkir zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.
Nijniy Novgorod viloyatida 50 va 47 yoshli er-xotin o‘z kvartirasidan o‘lik holda topilgan. Shifokorlar viloyatda yana ikki kishining hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda.
Hozirda mazkur ichimlikni do‘kon peshtaxtalaridan olib tashlash bo‘yicha reydlar o‘tkazilayotgani qayd etilgan. Zaharlanishga sabab bo‘lgan spirtli ichimlik partiyalari Mordoviya, Chelyabinsk, Penza, Vladimir viloyatlarida ham aniqlangan.
Holat bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar mahsulot yetkazib bergan yakka tartibdagi tadbirkorni qo‘lga olgan. Ichimlik ishlab chiqarilayotgan korxonada tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi