Rossiyada silovsin bilan “gaplashmoqchi” bo‘lgan o‘zbekistonlik jazolandi (video)

3-sahifa

image

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida O‘zbekiston fuqarosi yovvoyi hayvonlar boshpanasida silovsinga yaqinlashishga uringani ortidan jarimaga tortildi. Bu haqda “Riamo” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 25 iyul kuni “Meni qutqaring” yovvoyi hayvonlar boshpanasida yuz bergan. Erkak qo‘riqlanadigan hududga kirib, Marusya laqabli silovsin bilan aloqa qilishga harakat qilgan.

Vaziyatdan xavotirga tushgan boshpana xodimlari qo‘riqlash xizmatini chaqirgan va 112 raqamiga xabar bergan. Voqea joyiga kelgan qo‘riqchilarga erkak o‘zini “Interpol payvandchisi” deb tanishtirgan.

Aniqlanishicha, 1982 yilda tug‘ilgan erkak boshpana hududiga tanishini izlab kelgan. U voqea vaqtida mast holatda bo‘lgani aytilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari unga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.1-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ish rasmiylashtirgan. Erkakka 500 rubl (taxminan 76 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan. Shuningdek, uning Rossiyada qonuniy asosda bo‘lib turgani aniqlangan.

Boshpana rahbari Karen Dallakyan hodisadan so‘ng Marusya laqabli silovsin kuchli ruhiy zo‘riqishni boshdan kechirganini aytgan.

“Bu voqeadan keyin Marusya qattiq stress holatiga tushdi, bu juda achinarli”, degan u.

Boshpana ma’muriyati yovvoyi hayvonlar saqlanadigan hududlarda xavfsizlik talablariga rioya qilish muhimligini yana bir bor eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Telegram orqali terroristik guruh safiga qo‘shilishga da’vat qilingan, biroq bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing