Rossiyada ota-onasi fojiali halok bo‘lgan bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
26 aprel 7419 2 daqiqa
Rossiyada ota-onasi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan 11 yoshli bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 14 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Astraxan viloyatida ikki yengil avtomobil to‘qnashuvi tufayli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan (2013 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) B.R. shifoxonaga yotqizilgan. Afsuski, ushbu fojiali hodisa oqibatida bolaning avtomashinada bo‘lgan ota-onasi vafot etgan.
Bola yengil jarohat olgan bo‘lib, ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli sog‘lig‘i tiklangandan so‘ng, uni O‘zbekistonga qaytarish va yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirish masalasi o‘rganilgan. Xususan, fojiadan xabar topgan bolaning yaqin qarindoshlari yetib kelib vaqtincha vasiylikni rasmiylashtirish jarayonini boshlagan bo‘lishsa-da, B.R. ni Rossiya Federatsiyasidan olib chiqish uchun hujjatlar yetarli bo‘lmagan.
Mazkur masala yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga murojaat qilgan.
Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar vazirligining tezkor hamkorlik choralari natijasida O‘zbekistonning Rostov-na-Donu shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Astraxan viloyati Ijtimoiy rivojlanish va mehnat vazirligi tomonidan zaruriy amaliy yordam ko‘rsatilib, bolaga va uning qarindoshiga qisqa fursatda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va bolaning vatanga qaytishi ta’minlangan.
Bildirilishicha, hozirda bola O‘zbekistonga olib kelinib, qarindoshlari (onasining singlisi) qaramog‘iga topshirilgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolaga rasman vasiylik va unga zarur bo‘lgan ijtimoiy-psixologik choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Novosibirsk shahrida mushkul ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oilaga tezkor yordam ko‘rsatib, ularning Toshkentga qaytishiga ko‘maklashgandi.
Live
Barchasi