Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
14 fevral 2025 2484 1 daqiqa
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari ko‘magida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ota-ona qaramog‘isiz qolgan to‘rt nafar voyaga yetmagan bola uyga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bolalar ota-onasi bilan Rossiyaga borgan. Ammo bolalarning ota-onalari Rossiya hududida bo‘lib turish qoidalarini buzgani sababli deportatsiya qilish uchun vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Voyaga yetmagan to‘rt nafar bola esa yaqin tanishlari bilan qolgan.
“O‘zbekistonlik diplomatlar zudlik bilan voyaga yetmagan hamyurtlarimizning manzilini aniqladi. Shuningdek, ularning Vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni qarindoshlari deportatsiya qilingani sababli Rossiyada qolib ketgan uch nafar o‘zbekistonlik voyaga yetmagan bola ortga qaytarilgandi. Ushbu bolalardan biri onasi bilan, ikkinchisi esa ota-onasining ishonchnomasi asosida buvisi bilan, uchinchisi ham ishonchnoma asosida opalari bilan birga mehnat muhojiri sifatida Rossiyaga ketgan.