Rossiyada mushkul ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
28 fevral 2025 5332 1 daqiqa
O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Primorsk o‘lkasida qiyin moliyaviy ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan 2019 yilda ishlash maqsadida Primorsk o‘lkasiga kelgan. U bir necha yillar davomida farrosh bo‘lib ishlagan. Turmush o‘rtog‘i Rossiya hududida bo‘lish hujjatlarini vaqtida rasmiylashtirmagani uchun fevral oyida sud hukmi bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Shu bois ushbu oila qiyin vaziyatda qolgan va ijaradagi uydan haydalgan.
“Bosh konsulxonaga qilingan murojaatdan so‘ng, Vladivostok shahridagi o‘zbek diasporal tashkiloti vakillari, faol vatandoshlar ko‘magida hamyurtimiz hamda uning bolalari turarjoy va oziq-ovqat bilan ta’minlandi”, deyiladi xabarda.
26 fevral kuni ularga Vladivostok-Toshkent yo‘nalishidagi samolyotga chipta sotib olib berilgan va O‘zbekistonga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni Rossiya Federatsiyasida ota-ona qaramog‘isiz qolgan ikki nafar voyaga yetmagan bola Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi Voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazi xodimlari ko‘magida O‘zbekistonga olib kelingandi.
Live
Barchasi