Qarindoshlari Rossiyadan deportatsiya qilingan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
12 fevral 2025 2740 1 daqiqa
Kecha, 11 fevral kuni qarindoshlari deportatsiya qilingani sababli Rossiyada qolib ketgan uch nafar o‘zbekistonlik voyaga yetmagan bola ortga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu bolalardan biri onasi bilan, ikkinchisi esa ota-onasining ishonchnomasi asosida buvisi bilan, uchinchisi ham ishonchnoma asosida opalari bilan birga mehnat muhojiri sifatida Rossiyaga ketgan.
Bolalarning yaqin qarindoshlari mamlakat hududida bo‘lib turish qoidalarini buzgani sababli deportatsiya qilingan, bolalar esa Moskva shahridagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
“Ijtimoiy himoya milliy agentligi, hududiy “Inson” markazlari xodimlari, ijtimoiy xodim va psixologlardan iborat ishchi guruh tomonidan bolalarning vataniga qaytishini ta’minlash va ularni ota-onalariga topshirish uchun barcha zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Toshkent aeroportiga Rossiyada murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan ikki nafar voyaga yetmagan fuqaro olib kelingandi. Bular ota-onasining deportatsiya qilinishi oqibatida Moskvada qarovsiz qolgan 3 yoshli qizaloq va 15 yoshli o‘g‘il bola edi.
Live
Barchasi